YeTTB 2026-yilda O‘zbekiston iqtisodiyoti 6,5% ga o‘sishini prognoz qilmoqda
Bunda iste’mol talabining yuqoriligi, pul o‘tkazmalari hajmi ortishi xizmatlar sektorining kengayishiga turtki bo‘lgan
Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) Markaziy Osiyo va Mo‘g‘uliston iqtisodiyotlari bo‘yicha navbatdagi hisobotini e’lon qildi.
Bank tahliliga ko‘ra, iqtisodiy o‘sish ichki iste’mol, investitsiyalar, qurilish va xizmatlar sektori hisobiga qo‘llab-quvvatlanmoqda. Ishlab chiqarish ham mintaqaning asosiy o‘sish drayverlaridan biri bo‘lib qolmoqda.
Shu bilan birga, YeTTB Yaqin Sharqdagi geosiyosiy vaziyatning cho‘zilishi mintaqa iqtisodiyotlari uchun qo‘shimcha xatarlar yaratishini qayd etdi. Xususan, energiya narxlaridagi tebranishlar, ta’minot zanjirlaridagi uzilishlar hamda Rossiya va Xitoy iqtisodiyotlaridagi sekinlashuv salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
O‘zbekiston iqtisodiyoti 6,5% ga o‘sishi kutilmoqda
Hisobotga ko‘ra, O‘zbekiston iqtisodiyoti 2026-yilning birinchi choragida 8,7% ga o‘sdi. Bunda iste’mol talabining yuqoriligi, pul o‘tkazmalari hajmining ortishi va ish haqlarining o‘sishi xizmatlar sektorining kengayishiga turtki bo‘lgan.
Shuningdek, sanoat ishlab chiqarishi 8%, qurilish sektori esa 15,5% ga o‘sgan.
YeTTB prognoziga ko‘ra, O‘zbekiston iqtisodiyoti 2026-yilda 6,5%, 2027-yilda esa 6% ga o‘sadi. Bank asosiy xatarlar sifatida Rossiya iqtisodiyotidagi ehtimoliy pasayish va Yaqin Sharqdagi mojaroning inflatsion bosimlarni kuchaytirishini ko‘rsatgan.
Qirg‘iziston mintaqadagi eng yuqori o‘sishni saqlab qoladi
YeTTB prognozlariga ko‘ra, Qirg‘iziston iqtisodiyoti 2026-yilda 8,7%, 2027-yilda esa 7% ga o‘sadi va mintaqadagi eng yuqori o‘sish sur’atlaridan birini namoyish etadi.
Tojikiston iqtisodiyoti mos ravishda 7,9% va 7%, Turkmaniston iqtisodiyoti esa 6,3% va 6,3% darajasida o‘sishi kutilmoqda.
Qozog‘iston iqtisodiyoti 2026-yilda 4,7%, 2027-yilda esa 4,5% ga o‘sishi prognoz qilingan. Mamlakatda neft qazib olish hajmining qisqarishi va eksport infratuzilmasidagi uzilishlar iqtisodiy faollikka bosim o‘tkazmoqda.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ