Yerusti metro liniyasi bo‘ylab 400 ta savdo shoxobchalari ishga tushiriladi

Sergeli tumani misolida 1−1,5 mingta ish o‘rni yaratilib, tuman budjetiga 20−25 mlrd so‘m qo‘shimcha tushum kelishi kutilmoqda

Yerusti metro liniyasi bo‘ylab 400 ta savdo shoxobchalari ishga tushiriladi

Aholini xatlovdan o‘tkazish bo‘yicha dastlabki natijalar Sergeli tumanida real vaziyatni aniq ko‘rsatdi. Ilgari tuman aholisi 181 ming nafar deb yuritilgan bo‘lsa, xatlov natijasiga ko‘ra, hududda aslida 236 mingga yaqin aholi yashayotgani ma’lum bo‘ldi. Prezident Shavkat Mirziyoyev bu haqda 4-iyul kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda ma’lum qildi.

Yaqin yillarda Sergeli aholisi 300 ming nafardan ortishi kutilmoqda. Shu bois, rahbarlarda uy-joy, bog‘cha, maktab, poliklinika va ish o‘rinlarini aholi o‘sishiga mos ravishda ko‘paytirish bo‘yicha hozirdan aniq reja va dastur bo‘lishi zarurligi ta’kidlandi.

Bu yil Sergelini rivojlantirish uchun budjetdan 173 mlrd so‘m, banklar orqali 2 trln 200 mlrd so‘m resurs ajratilgan. Tuman hokimi va mutasaddilarga ushbu mablag‘larni samarali ishlatib, qo‘shilgan qiymatni 2−3 karra oshirish bo‘yicha rejalarni amalga oshirish vazifasi qo‘yildi.

Yig‘ilishda 2026-yil tuman hokimlari jami $9 mlrdli investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirishi belgilangan. Sergelining o‘ziga o‘tgan besh oyda 236 mln dollar investitsiya kiritildi. Yil yakunigacha 60 ta loyihani boshlash hisobidan yana $750 mln investitsiya jalb qilish rejalashtirilgan.

Poytaxt sharoitida sanoat loyihalarini joylashtirishda yer masalasi eng katta muammo ekani ko‘rsatib o‘tildi. Shu bois, “Yangi avlod” sanoat zonasidan poytaxtning 12 ta tumaniga joy ajratish va investitsiya, sanoat, ish o‘rni, eksport hamda budjet tushumi ko‘rsatkichlarini loyiha qilgan tumanning o‘ziga yoziladigan tizimni joriy etish topshirildi.

Uchrashuvda shuningdek, yer ustidan o‘tgan metro yo‘nalishi ostida savdo va servis obyektlarini tashkil etish tajribasi ko‘rib chiqildi. Davlat yerdan foydalanish huquqini auksionga chiqarib, loyiha va infratuzilmasini tayyorlab bermoqda, qolganini tadbirkorlar amalga oshirmoqda.

Sergelida metro liniyasining yana 8,5 kilometr qismida shunday ishlar yakuniga yetkazilsa, 137 ta savdo-servis obyekti, 1−1,5 mingta ish o‘rni yaratiladi, tuman budjetiga 20−25 mlrd so‘m qo‘shimcha tushum tushadi.

Umuman, yerusti metro liniyasining Yashnobod, Sergeli va Yangihayot tumanlaridan o‘tgan 23 kilometr hududida bunday loyihalar amalga oshirilsa, yana 400 ta tadbirkor biznes boshlab, 3 mingta ish o‘rni yaratishi mumkin, deyiladi xabarda.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

O‘zbekistondan Malayziyaga borayotgan turistlar soni 62% ga oshdi
/
O‘zbekistondan Malayziyaga borayotgan turistlar soni 62% ga oshdi
Fonon zargarlik zavodi 316 mlrd so‘mga savdoga chiqarildi
/
Fonon zargarlik zavodi 316 mlrd so‘mga savdoga chiqarildi
O‘zbekistonda o‘rtacha pensiya 10 yilda 3,3 baravarga oshdi
/
O‘zbekistonda o‘rtacha pensiya 10 yilda 3,3 baravarga oshdi