YeOTB O‘zbekistonda 2031-yilgacha $1,5 mlrd investitsiya kiritishni rejalashtirmoqda

Bank energetika, logistika va sanoat sohalaridagi loyihalarni moliyalashtirishni boshlaydi

YeOTB O‘zbekistonda 2031-yilgacha $1,5 mlrd investitsiya kiritishni rejalashtirmoqda

2026-yil 18-may kuni Toshkent shahrida Yevroosiyo taraqqiyot banki (YeOTB) O‘zbekistondagi rasmiy vakolatxonasini ochdi.

Vakolatxona ochilishi O‘zbekistonning 2025-yilda YeOTB tarkibiga qo‘shilganidan keyingi mantiqiy qadam sifatida baholanmoqda. Ma’lum qilinishicha, hukumat ko‘magida barcha zarur tartib-taomillar yakunlangan va bank mamlakatdagi investitsiya faoliyatini to‘liq yo‘lga qo‘ymoqda.

Tadbirda O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev ishtirok etib, bankni 20 yilligi bilan tabrikladi hamda vakolatxona ochilishi hamkorlikni mustahkamlashdagi muhim bosqich ekanini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, YeOTB infratuzilmani moliyalashtirish, eksportni qo‘llab-quvvatlash, moliya bozori va raqamli transformatsiya sohalarida katta tajribaga ega bo‘lib, bu yo‘nalishlar Yangi O‘zbekiston iqtisodiy kun tartibida ustuvor ahamiyat kasb etadi.

Qayd etilishicha, bankning Toshkentda doimiy faoliyat yuritishi konchilik, transport infratuzilmasi, raqamli texnologiyalar va suv xo‘jaligi sohalaridagi qo‘shma loyihalarni jadallashtiradi.

YeOTB boshqaruvi raisi Nikolay Podguzovning aytishicha, bank 2031-yilgacha O‘zbekistonga $1,5 mlrdgacha investitsiya yo‘naltirishni rejalashtirmoqda. Shundan qariyb $800 mln mintaqaviy integratsiya salohiyati yuqori bo‘lgan loyihalarga yo‘naltiriladi.

Bugun biz mintaqaning eng jadal rivojlanayotgan iqtisodiyotlaridan biri bo‘lgan O‘zbekistonda faoliyatni boshlayapmiz. Bank 20 yil davomida katta tajriba va ekspertiza to‘pladi. Portfelimiz hajmi $19,6 mlrdga yetdi va 326 ta loyiha amalga oshirildi. Endi ushbu imkoniyatlarni O‘zbekistonga ham taklif etishga tayyormiz, — dedi Podguzov.

Uning ma’lum qilishicha, bankning joriy loyihalar portfeli energetika, logistika va sanoat yo‘nalishlarini qamrab oladi. Vakolatxona ochilishi marosimi davomida dastlabki kelishuvlar ham imzolangan, biroq ular tafsilotlari keyinroq alohida e’lon qilinadi.

Tadbir doirasida YeOTB akademiyasi tomonidan ta’lim dasturlari va seminarlar ham tashkil qilindi.

Bank boshqaruvi raisi o‘rinbosari va bosh iqtisodchi Yevgeniy Vinokurovning ta’kidlashicha, akademiyaning asosiy maqsadi jurnalistlar va keng jamoatchilikka taraqqiyot banklari faoliyati, ularning imkoniyatlari va instrumentlarini yaxshiroq tushuntirishdan iborat.

Bank hisob-kitoblariga ko‘ra, Toshkentdagi vakolatxona investitsiya loyihalarini tezkor kuzatib borish, davlat organlari va biznes bilan hamkorlikni kuchaytirish hamda xalqaro investorlarni O‘zbekiston iqtisodiyotiga faolroq jalb etish imkonini beradi.

Eslatib o’tamiz, O’zbekiston 2025-yilning sentabr oyida ushbu bank a’zosiga aylangandi. Bankning ustav kapitalida O‘zbekiston Respublikasiga har birining nominal qiymati $1 ming bo‘lgan 777 ming dona aksiya ajratilgan.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Endilikda xorijiy marketpleys sotuvchilari ham O‘zbekistonda QQS to‘laydi
/
Endilikda xorijiy marketpleys sotuvchilari ham O‘zbekistonda QQS to‘laydi
Sandro Rtveladze Ipoteka bank boshqaruvi raisi lavozimini tark etmoqda
/
Sandro Rtveladze Ipoteka bank boshqaruvi raisi lavozimini tark etmoqda
2040-yilda Oʻzbekistonda urbanizatsiya darajasi 65% ga yetishi kutilmoqda — prezident
/
2040-yilda Oʻzbekistonda urbanizatsiya darajasi 65% ga yetishi kutilmoqda — prezident