O‘zbekistonda yengil avtomobillar ishlab chiqarish to‘rt oyda 10% ga oshdi
Mamlakatda Cobalt avtomobilini ishlab chiqarish hajmi 20,2% ga oshib, 53,8 ming donaga yetdi
Фото: UzAuto Motors
2026-yilning yanvar–aprel oylarida O‘zbekistonda 148,8 ming dona yengil avtomobil ishlab chiqarildi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 10% ga ko‘p. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlarida keltirilgan.
Hisobotga ko‘ra, ishlab chiqarish hajmi bo‘yicha yetakchilikni Cobalt modeli saqlab qoldi. Mazkur avtomobil ishlab chiqarishi 20,2% ga oshib, 44,7 ming donadan 53,8 ming donaga yetdi.
Ikkinchi o‘rinda Damas joylashgan bo‘lib, uning ishlab chiqarish hajmi 5,3% ga kamayib, 28,3 ming donani tashkil etdi. Uchinchi o‘rinni esa Tracker egalladi. Ushbu model ishlab chiqarishi 3% ga o‘sib, 14,5 ming donaga yetgan.
Shuningdek, Onix avtomobillari ishlab chiqarishi 19,5% ga qisqarib, 12,2 ming donani tashkil etdi. KIA rusumidagi avtomobillar ishlab chiqarishi esa 2,3% ga oshib, 8,8 ming donaga yetdi.
Eng yuqori o‘sish sur’atlaridan biri BYD avtomobillarida qayd etildi. Mazkur brend ishlab chiqarishi 64,3% ga oshib, 7 ming donani tashkil qildi. Haval avtomobillari ishlab chiqarishi ham 30% ga ko‘payib, 3,4 ming donaga yetgan.
Ayni paytda Chery avtomobillari ishlab chiqarishi 7,2% ga kamayib, 2,5 ming dona darajasida shakllandi.
Yengil avtomobillardan tashqari, maxsus avtomobillar ishlab chiqarish hajmi ham sezilarli o‘sib, 38,9% ga ko‘paydi. Natijada ularning ishlab chiqarish hajmi 12,9 ming donadan 18 ming donaga yetdi.
Hisobot davrida mamlakat korxonalarida 1 867 dona yuk avtomobili ishlab chiqarilgan bo‘lib, bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 30,3% ga ko‘pdir. Shuningdek, avtomobil dvigatellari ishlab chiqarish hajmi ham 6,6% ga oshib, 80,5 ming donani tashkil etdi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ