O‘zbekistonda yil boshidan beri 4 mlrd kVt soat “yashil” energiya ishlab chiqarildi
Quyosh va shamol elektr stansiyalari hisobiga yil boshidan buyon 1,66 mlrd kub metr tabiiy gaz tejalgan
Фото: Kapital.uz
O‘zbekistonda quyosh va shamol elektr stansiyalari tomonidan 2026-yil boshidan buyon ishlab chiqarilgan elektr energiyasi hajmi 4 mlrd kVt soatga yetdi. Bu haqda Energetika vazirligi ma’lum qildi.
Idoraga ko‘ra, 14-may kuni soat 18:00 holatiga quyosh fotoelektr stansiyalari 2,3 mlrd kVt soat, shamol elektr stansiyalari esa 1.68 mlrd kVt soat elektr energiyasi ishlab chiqargan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 898 mln kVt soat yoki 29% ga ko‘p hisoblanadi.
Energetika vazirligi bundan 24 kun avval — 20-aprel kuni “yashil” elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi 3 mlrd kVt soatga yetganini eslatgan. Shundan keyin qisqa muddat ichida yana 1 mlrd kVt soatdan ortiq elektr energiyasi ishlab chiqarilgan.
Ma’lum qilinishicha, quyosh va shamol elektr stansiyalari hisobiga yil boshidan buyon 1,66 mlrd kub metr tabiiy gaz tejalgan. Shuningdek, atmosferaga 2,3 mln tonna zararli moddalar chiqishining oldi olingan.
Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, 2026-yil boshidan hozirgacha barcha gidroelektr, quyosh va shamol elektr stansiyalari tomonidan jami 6,16 mlrd kVt soat elektr energiyasi ishlab chiqarilgan.
Buning natijasida 1,6 mlrd kub metr tabiiy gaz iqtisod qilingan hamda atmosferaga 3,4 mln tonnadan ortiq zararli moddalar chiqishining oldi olingan.
Qayd etilishicha, ishlab chiqarilgan ushbu elektr energiyasi hajmi o‘rtacha 4,4 mln xonadonning 4,5 oylik yoki 1,6 mln xonadonning bir yillik elektr iste’moliga teng.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ