O‘zbekistonda yashash manzili bo‘yicha ma’lumotlarni o‘zgartirish tartibi tasdiqlandi
Ro‘yxatdagi xatolarni tuzatish endi DXM, migratsiya bo‘limlari va Yagona portal orqali amalga oshiriladi
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
Vazirlar Mahkamasi 30-yanvar kuni fuqarolarning yashash manzili bo‘yicha ro‘yxatga olish ma’lumotlarini o‘zgartirishga oid davlat xizmati reglamentini tasdiqladi. Tegishli hujjat Lex.uz portalida e’lon qilindi.
Yangi tartib fuqarolarning doimiy yoki vaqtincha yashash joyi haqidagi noto‘g‘ri yoki eskirgan ma’lumotlarni tuzatish tartibini belgilaydi. Ushbu xizmatni Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Migratsiya va shaxsni identifikatsiyalash departamenti amalga oshiradi.
Ma’lumotlarni tuzatish bo‘yicha arizalar migratsiya va pasportlashtirish bo‘limlari hamda Davlat xizmatlari markazlari orqali qabul qilinadi. Shuningdek, 1-martdan boshlab Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ham murojaat qilish imkoniyati yo‘lga qo‘yiladi.
O‘zgartirish kiritish uchun ariza beruvchi maxsus so‘rovnomani to‘ldirishi va ko‘rsatilgan manzilda hozirda yashayotgan barcha shaxslarni qayd etishi lozim. Agar ariza uchinchi shaxs nomidan topshirilsa, notarial tasdiqlangan ishonchnoma nusxasi ham ilova qilinadi.
Ariza topshirilgandan so‘ng uch ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi. Bu jarayonda quyidagi ma’lumotlar tekshiriladi:
- uy-joydan foydalanish huquqiga oid sud qarorlari (Oliy sud elektron tizimi orqali);
- mulkdor va ro‘yxatdagi shaxslar o‘rtasidagi qarindoshlik aloqalari (FHDYo yagona elektron arxivi);
- ko‘chmas mulk bo‘yicha kadastr ma’lumotlari;
- so‘rovnomada ko‘rsatilgan shaxslarning manzilda yashashi haqidagi axborotlar.
Agar rad etish uchun asoslar aniqlanmasa, yangi ma’lumotlar “Manzil” axborot tizimiga kiritiladi. Shundan so‘ng murojaatchi yashash joyi va ro‘yxatdan o‘tgan shaxslar haqidagi ma’lumotnomalarni qog‘oz yoki elektron shaklda olishi mumkin bo‘ladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ