O‘zbekiston Gruziya portlarida o‘z logistika infratuzilmasini barpo etadi
Tomonlar, shuningdek, tranzit temir yo‘l yo‘nalishlari uchun chegirmalarni kengaytirish va yuk tashuvchilar uchun ruxsatnomalarni elektron shaklda almashishga kelishib oldi
O‘zbekiston va Gruziya avtomobil tranziti bo‘yicha hujjatlar almashinuvini to‘liq raqamli formatga o‘tkazadi, shuningdek, Qora dengiz bo‘yida qo‘shma logistika infratuzilmasini barpo etadi. Bu haqda transport vaziri Ilhom Mahkamov O‘zbekiston 24 telekanali efirida ma’lum qildi.
Shavkat Mirziyoyevning yaqinda Tbilisiga amalga oshirgan tashrifi logistika sohasida yangi kelishuvlarga erishish imkonini berdi. Eng muhim yangiliklardan biri — ikki davlat o‘rtasida hamda uchinchi mamlakatlarga tranzit qatnovlarini amalga oshirayotgan yuk avtomobillari haydovchilari uchun qog‘oz shaklidagi ruxsatnomalardan voz kechilib, elektron hujjat almashinuvi tizimi joriy etilishidir.
Mazkur qaror bojxona tartib-taomillarini tezlashtirish va ularning shaffofligini ta’minlashga xizmat qiladi. Chunki O‘zbekiston transport kompaniyalarining 60 foizdan ortig‘i o‘z yuk tashish yo‘nalishlarini Gruziya hududi orqali amalga oshiradi.
Bundan tashqari, mas’ul idoralar temir yo‘l orqali yuk tashish uchun amal qilayotgan imtiyozlarni kengaytirishga kelishib oldi. Avval 70%gacha bo‘lgan chegirmalar faqat olti davlatni qamrab oluvchi CASCA+ multimodal yo‘lagi orqali tashilgan konteynerlarga tatbiq etilgan bo‘lsa, yaqin vaqt ichida ushbu imtiyozlar yuk vagonlarining boshqa turlariga ham qo‘llaniladi.
Shuningdek, tomonlar dengiz portlari masalasiga alohida e’tibor qaratdi. Vazirning ta’kidlashicha, O‘zbekiston ochiq dengizga to‘g‘ridan to‘g‘ri chiqish imkoniyatini kengaytirish maqsadida Gruziya portlarida o‘z logistika markazlarini tashkil etishni rejalashtirmoqda.
Mazkur loyihani amalga oshirish uchun yetakchi ekspeditorlik kompaniyalari ishtirokida konsorsium tuziladi. Kutilishicha, ushbu konsorsium eksport-import faoliyati bilan shug‘ullanuvchi mahalliy korxonalar bilan hamkorlikda dengiz bo‘yida zarur logistika infratuzilmasini barpo etadi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ