Samarqand 2030-yilgacha zamonaviy “yashil shahar”ga aylantiriladi
Yangi dastur doirasida zararli chiqindilarni kamaytirish, elektrobuslarni joriy etish va sun’iy suv havzalarini barpo etish rejalashtirilgan
Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqand viloyatida cho‘llanishga qarshi kurashish hamda ekologik rivojlanish modelini joriy etishga oid takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.
Green Samarkand konsepsiyasi hududni iqlim o‘zgarishlariga moslashtirish va Markaziy Osiyoda barqaror ekologik markazni shakllantirishni nazarda tutadi.
2030-yilgacha qator vazifalarni amalga oshirish rejalashtirilgan. Xususan, atmosferaga 51,2 ming tonna zararli moddalarning chiqarilishining oldi olinishi, shuningdek, havodagi PM2.5 va PM10 zarrachalari miqdori ikki baravarga kamaytirilishi ko‘zda tutilgan. Buning uchun energetika va sanoat korxonalarida chang-gaz tozalash uskunalari o‘rnatiladi. Qurilish ishlari natijasida yuzaga keladigan chang miqdorini 80%ga, avtomobillar chiqindi gazlarini esa 50%ga qisqartirish rejalashtirilgan. Chiqindi poligonlari maydoni ikki baravar qisqartiriladi, aholi punktlaridagi yashil hududlar ulushi esa 30%gacha yetkaziladi.
Tashabbus ijrosini nazorat qilish uchun viloyat hokimligi hamda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi ishtirokida “Yashil Samarqand” loyiha ofisi tashkil etiladi. Mazkur tuzilma qurilish, turizm, transport va kommunal xo‘jalik sohalaridagi ishlarni muvofiqlashtiradi.
Qurilish sohasida yangi va rekonstruksiya qilinayotgan binolar uchun majburiy ekologik standartlar joriy etiladi. Suv va energiyani tejash, shuningdek, chiqindilarni saralash talablariga javob bermaydigan obyektlar foydalanishga qabul qilinmaydi.
Shahar jamoat transporti ekologik toza energiya manbalariga o‘tkaziladi. Avtobus parki 50 ta katta sig‘imli elektrobus bilan to‘ldiriladi. Yo‘llarga 150 ta zamonaviy svetofor o‘rnatiladi. O‘n yillik yakuniga qadar barcha jamoat transporti va taksilar elektromobillarga almashtiriladi. Bundan tashqari, shaxsiy avtomobillarning shahar markaziga kirishi bosqichma-bosqich cheklanadi, Park and Ride turidagi tutib qoluvchi avtoturargohlar rivojlantiriladi hamda piyodalar hududlari kengaytiriladi.
Shahar mikroiqlimini yaxshilash maqsadida kamida to‘rtta sun’iy suv havzasi, viloyatning har bir tuman markazida esa kamida bittadan suv havzasi barpo etiladi. Shuningdek, 10 ta yangi favvora qurilib, mavjudlari rekonstruksiya qilinadi. Bundan tashqari, 319 kilometr sug‘orish kanallari va ariqlar tiklanadi.
Yangi halqa avtomobil yo‘li bo‘ylab daraxtlar ekiladi. Himoya yashil hududining uzunligi 102,7 kilometrni, umumiy maydoni esa 3,5 ming gektarni tashkil etadi. Bu havo tarkibidagi changni kamaytirish va jazirama harorat ta’sirini yumshatishga xizmat qiladi.
300 gektar maydonda Green City Samarkand tumani barpo etiladi. Undagi barcha turar joylar, ofislar va boshqa binolar faqat xalqaro ekologik standartlar asosida quriladi.
Sanoat korxonalari raqamli monitoring hamda Zero Visible Emission (ko‘rinadigan chiqindilarni nol darajaga tushirish) texnologiyalarini joriy etishga majbur bo‘ladi. Amaldagi zavodlar atrofida yashil hududlar tashkil etiladi. Xavflilikning birinchi va ikkinchi toifasiga kiruvchi sakkizta yirik sanoat korxonasi aholi punktlaridan tashqariga ko‘chiriladi.
Chiqindilarni boshqarish tizimi Zero Waste tamoyili asosida tashkil etiladi. Poligonlarga yuboriladigan chiqindilar hajmini kamaytirish maqsadida Zero Waste Samarkand dasturi joriy qilinadi. Chiqindilarni noqonuniy tashlash holatlarini nazorat qilish uchun foto va videofiksatsiya imkoniyatiga ega maxsus platforma ishga tushiriladi.
Loyihalarni moliyalashtirish uchun Green Samarkand Climate Finance Facility platformasi tashkil etiladi. Barcha jarayonlar monitoringi ochiq raqamli Green Samarkand Dashboard tizimi orqali olib boriladi. Shuningdek, uglerod neytralligiga erishish bo‘yicha yo‘l xaritasi ishlab chiqiladi.
Turizm va biologik xilma-xillikni saqlash yo‘nalishida Green Samarkand brendi, Green Hotels Samarkand reyting tizimi, Samarkand City Biodiversity Index metodologiyasi, Urban Biodiversity Samarkand pilot loyihasi hamda ”Biologik xilma-xillikni asraylik” volontyorlik dasturini amalga oshirish rejalashtirilgan.
Mazkur chora-tadbirlar majmuasi Samarqand viloyatini investitsiyalar va barqaror shaharsozlik yechimlari markaziga aylantirishi kutilmoqda.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ