O‘zbekistonda yillik inflyatsiya 6,4% ni tashkil etdi
Sentabr oyida oziq-ovqat mahsulotlari 1% ga, pulli xizmatlar 0,9% ga qimmatlashdi
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
O‘zbekistonda 2026-yil sentabrida yillik inflyatsiya 6,4% ni tashkil etdi. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, bu ko‘rsatkich 2025-yil sentabriga nisbatan 1,6% bandga past, biroq avgust oyidagi darajadan 0,2% bandga yuqori.
Oy davomida oziq-ovqat mahsulotlari o‘rtacha 1%ga, nooziq-ovqat tovarlari 0,3%ga, aholiga ko‘rsatiladigan pulli xizmatlar esa 0,9%ga qimmatlashdi.
Pomidor va bodring eng ko‘p qimmatlagan
Sabzavotlar orasida pomidor narxi bir oyda 14,2%ga, bodring 13,5%ga, sabzi 12,4%ga oshdi. Bulg‘or qalampiri 4,9%ga, baqlajon 4,7%ga, piyoz esa 2,6%ga qimmatlashgan.
Ayrim mevalar narxi esa pasaygan. Xususan, sitrus mevalar 12%ga, uzum 5,7%ga, olma 2,4%ga, banan 1,7%ga arzonlashgan.
Asosiy oziq-ovqat mahsulotlari orasida tuxum narxi 5,3%ga oshgan. Suyakli mol go‘shti 1,7%ga, qo‘y go‘shti 1,3%ga, suyaksiz mol go‘shti va grechka 1,1%dan qimmatlashgan.
Guruch va guruch oqshog‘i narxi 1%ga, xom va qaymog‘i olinmagan sut hamda sariyog‘ 0,8%dan oshgan.
AI-95 benzini va propan qimmatlashdi
Yonilg‘i bozorida AI-95 benzini va propan narxi bir oyda 4,2%dan ko‘tarilgan. AI-92 benzini 0,7%ga, AI-98 va AI-100 markali benzin narxi 0,4%dan oshgan. Metan narxida esa o‘zgarish kuzatilmagan.
Xizmatlar sohasida davlat bog‘chalari narxi 6,8%ga, huquqiy tusdagi xizmatlar 6,6%ga, davlat OTMlarida to‘lov-kontrakt asosida o‘qish 6,3%ga qimmatlashgan.
Shuningdek, xususiy maktablarda o‘qish narxi 6%ga, avtomobil to‘xtash joylari xizmatlari 2,2%ga, sovuq suv va kanalizatsiya uchun to‘lovlar 2,1%ga, xususiy bog‘chalar xizmatlari 1,7%ga oshgan.
Inflyatsiya hisob-kitoblari uchun 10 mingdan ortiq savdo va xizmat ko‘rsatish nuqtasida 2 mln dan ziyod narx qayd etilgan. Kuzatuvlar 419 turdagi oziq-ovqat va nooziq-ovqat mahsuloti hamda 98 turdagi xizmatni qamrab olgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ