Urganch aeroportini modernizatsiya qilishga $242 mln yo‘naltiriladi
Yangi terminal yiliga 3,5 mln yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatishi mumkin
Foto: Prezident matbuot xizmati
Urganch xalqaro aeroportini modernizatsiya qilish qiymati $242 mlnni tashkil etadi. Bu haqda Daryo nashri xabar bermoqda.
Hozirda terminal 9,2 ming kvadrat metr maydonni egallaydi va yiliga 1,2 mln yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatishga mo‘ljallangan. Rekonstruksiyadan so‘ng uning maydoni qariyb to‘rt baravarga — 39 ming kvadrat metrgacha, o‘tkazuvchanlik quvvati esa yiliga 3,5 mln yo‘lovchigacha oshadi.
Soatlik o‘tkazuvchanlik quvvati 300 nafardan 1 300 nafargacha oshiriladi. Tijorat maydonlari 322 kvadrat metrdan 4 555 kvadrat metrgacha kengaytiriladi. Yangi terminalda VIP va CIP zallari, Duty Free do‘konlari, kafe va restoranlar, shuningdek, ro‘yxatdan o‘tish va bagajni qayta ishlash zonalari joylashtiriladi.
Loyiha doirasida uchish maydoni rekonstruksiya qilinadi va uzunligi 3 300 metr bo‘lgan yangi uchish-qo‘nish yo‘lagi quriladi. Samolyotlar uchun to‘xtash joylari soni 6 tadan 18 tagacha oshiriladi, yorug‘lik signalizatsiyasi uskunalari esa CAT-I toifasidan CAT-II toifasiga o‘tkaziladi.
Yangi uchish-qo‘nish yo‘lagi va perron qurilgach, aeroport F toifasidagi havo kemalarini, jumladan, Boeing 747, Airbus A380 va Boeing 777 samolyotlarini qabul qila oladi. Bu haqda Urganch xalqaro aeroporti direktori Oybek Matkarimov ma’lum qildi.
Shuningdek, sutkasiga qariyb 10 tonna quvvatga ega yuk kompleksi, 1 mingta avtomobilga mo‘ljallangan avtoturargoh, maydoni 1 ming kvadrat metrdan ortiq bo‘lgan maxsus transport vositalari uchun texnik markaz hamda 900 kvadrat metr maydonga ega isitiladigan garaj quriladi.
Loyihaning umumiy qiymati $242 mlnni tashkil etadi. Shundan $134 mlnni xususiy hamkor, yana $108 mlnni davlat obyektlari uchun yo‘naltiriladigan mablag‘lar tashkil qiladi.
Loyihaning hamkori sifatida Janubiy Koreyaning Incheon International Airport Corporation kompaniyasi tanlangan. U 2025-yil aprelida o‘tkazilgan xalqaro tenderda g‘olib bo‘lgan. Dekabr oyida kompaniya bilan 22 yillik davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitim imzolangan. Uning uch yili qurilish, 19 yili esa aeroportni boshqarishga ajratilgan.
19 yillik boshqaruv davrida Incheon aeroportga foydaning bir qismini konsessiya to‘lovi sifatida o‘tkazib boradi. Uning aniq miqdori hozircha belgilanmagan.
Oybek Matkarimovning so‘zlariga ko‘ra, investitsiyalarni hisobga olgan holda loyihaga yo‘naltiriladigan mablag‘larning umumiy hajmi qariyb $500 mlnni tashkil etishi mumkin.
Aeroportni modernizatsiya qilishni 2028-yil oxirigacha yakunlash rejalashtirilgan.
Avvalroq Urganch aeroportini modernizatsiya qilishga $264 mln yo‘naltirilishi rejalashtirilgani xabar qilingan edi. Tender o‘tkazilgach, xususiy hamkorning investitsiyasi $134 mln, davlat tomonidan yo‘naltiriladigan mablag‘lar bilan birga loyihaning umumiy qiymati esa $242 mln etib belgilandi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ