Ilon Maskning boyligi yana $1 trlndan oshdi

Bloomberg Billionaires Index bo‘yicha tadbirkorning boyligi bir kunda 6,7%ga ko‘paygan

Ilon Maskning boyligi  yana $1 trlndan oshdi

SpaceX va Tesla asoschisi Ilon Maskning boyligi yana $1 trlndan oshdi. Bloomberg Billionaires Index ma’lumotlariga ko‘ra, 6-oktabr holatida tadbirkorning jami aktivlari qiymati $1,04 trlnga yetgan.

Maskning boyligi bir kun ichida $65,4 mlrdga yoki 6,7%ga oshgan. Yillik hisobda esa bu ko‘rsatkich 32,4%ga ko‘paygan. Forbes ham 5-oktabr holatida Maskning boyligini qariyb $1 trln deb baholagan.

Boylikning keskin oshishiga tadbirkorga tegishli kompaniyalar aksiyalari qiymatining ko‘tarilishi sabab bo‘lgan. 6-oktabrda SpaceX aksiyalari $171ga yetib, kun davomida 7%dan ko‘proq qimmatlashgan. Oyning boshidan buyon esa aksiya narxi qariyb 15%ga oshgan.

Tesla aksiyalari ham 5%dan ko‘proqqa o‘sib, $378ga yetgan.

SpaceX aksiyalariga bo‘lgan qiziqish kompaniyaning Starship kosmik kemasini orbitaga muvaffaqiyatli chiqarganidan so‘ng kuchaygan. 28-sentabrdagi parvoz davomida kompaniya 26 ta Starlink sun’iy yo‘ldoshini kosmosga olib chiqqan.

Mask ilk bor 12-iyunda $1 trlnlik boylikka ega bo‘lgandi. Bu SpaceX aksiyalarining birjaga chiqarilishi ortidan yuz bergan. IPO kompaniya tarixidagi eng yirik birlamchi ommaviy taklif sifatida qayd etilgan. Investorlarning yuqori talabi fonida SpaceX aksiyalari bir necha kun ketma-ket qimmatlashib, kompaniyaning bozor kapitallashuvi eng yuqori nuqtada $2 trlndan oshgan.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Urganch aeroportini modernizatsiya qilishga $242 mln yo‘naltiriladi
/
Urganch aeroportini modernizatsiya qilishga $242 mln yo‘naltiriladi
O‘zbekistonda yillik inflyatsiya 6,4% ni tashkil etdi
/
O‘zbekistonda yillik inflyatsiya 6,4% ni tashkil etdi
O‘zbekistonliklarning Tailandga qiziqishi 81% ga kamaydi
/
O‘zbekistonliklarning Tailandga qiziqishi 81% ga kamaydi