Toshkent hokimligi 200 dan ortiq avtobus bekatini o‘z tasarrufiga oladi
Ularning umumiy maydoni qariyb 8,9 ming kvadrat metrni tashkil etadi
Toshkent shahrida rekonstruksiya qilinishi rejalashtirilgan jamoat transporti bekatlari hokimlik balansiga o‘tkaziladi. Bu bo‘yicha poytaxt hokimi tomonidan tegishli qaror qabul qilindi.
Hujjatga muvofiq, shahardagi 177 ta yer uchastkasi hokimlikka doimiy foydalanish huquqi asosida biriktiriladi. Mazkur hududlarda joylashgan 212 ta avtobus bekati majmuasi esa hokimlik mulki sifatida rasmiylashtiriladi. Ularning umumiy maydoni qariyb 8,9 ming kvadrat metrni tashkil etadi.
Qaror ommaviy xatlov natijalariga asoslanib qabul qilingan bo‘lib, u rekonstruksiya talab etiladigan bekatlarni yagona boshqaruv tizimiga o‘tkazishni nazarda tutadi. Ayrim yer uchastkalarida bir nechta bekat yoki inshoot joylashgani sababli, qayta rasmiylashtiriladigan obyektlar soni yer uchastkalari sonidan ko‘proqni tashkil etadi.
Tumanlar kesimida eng katta ulush Shayxontohurga to‘g‘ri keladi — bu yerda 35 ta bekat majmuasi hokimlik tasarrufiga o‘tadi. Keyingi o‘rinlarda Yunusobod (26 ta), Chilonzor (24 ta) hamda Mirzo Ulug‘bek (22 ta) tumanlari qayd etilgan.
Ro‘yxatdan shaharning yirik transport tugunlari va aholi gavjum hududlaridagi bekatlar ham o‘rin olgan. Xususan, “Ippodrom-2”, “Xalqlar do‘stligi saroyi”, “Malika bozori”, “Yunusobod bozori”, “Qo‘yliq-3” hamda “Farg‘ona bozori” bekatlari rekonstruksiya qilinadigan obyektlar qatoriga kiritilgan.
Qarorda belgilangan vazifalarning ijrosi Toshkent shahar hokimining transport va yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Abdurahmon Baxtiyev zimmasiga yuklatildi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ