O‘zbekistonda fuqarolarni yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazishning yangi tartibi tasdiqlandi
Endilikda ro‘yxatdan o‘tish Face-ID va Mobile-ID orqali ham amalga oshiriladi
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 5-maydagi 224-son qarori bilan “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini yashash va turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazish hamda ro‘yxatdan chiqarish tartibi to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlandi.
Nizomga ko‘ra, mazkur sohada ichki ishlar organlarining migratsiya va personallashtirish bo‘linmalari vakolatli organ etib belgilandi.
Fuqarolarni yashash yoki turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazish endilikda uy egasi va fuqaro ishtirokida amalga oshiriladi. Ularning roziligi Face-ID yoki Mobile-ID tizimlari orqali tasdiqlanadi.
Yangi tartibga muvofiq, bir nechta uy yoki kvartiraga ega bo‘lgan mulkdor faqat bitta manzilda yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkaziladi. Voyaga yetmagan fuqarolar esa ota-onasi, ulardan biri yoki vasiy ro‘yxatdan o‘tgan manzil bo‘yicha qayd etiladi.
Shuningdek, fuqaro yangi yashash manziliga kelgan kundan boshlab 10 ish kuni ichida ro‘yxatdan o‘tishi shart. Uy egasi esa vakolatli organlarni bu haqda xabardor qilishi lozim.
Ro‘yxatdan o‘tish uchun fuqarolar vakolatli organlar, davlat xizmatlari markazlari va “Aqlli” migratsiya shoxobchalariga murojaat qilishi mumkin. Bundan tashqari, YAIDXP hamda “E-xabar berish” tizimi orqali onlayn ariza topshirish imkoniyati ham yaratiladi.
Hujjatda ayrim hududlarda fuqarolarning erkin harakatlanishi va yashash joyini tanlash huquqi cheklanishi mumkinligi ham belgilangan. Bunday hududlar qatoriga chegara zonalari, yopiq harbiy shaharchalar, yopiq ma’muriy-hududiy tuzilmalar hamda favqulodda holat yoki safarbarlik e’lon qilingan hududlar kiradi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ