Yarim yilda O‘zbekistonning davlat qarzi $48,3 mlrdga yetdi
Davlat qarzining 84%i tashqi qarz hissasiga to‘g‘ri kelib, asosiy moliyalashtiruvchilar qatorida Jahon banki va OTB yetakchilik qilmoqda
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
2026-yil 1-iyul holatiga ko‘ra, O‘zbekistonning davlat qarzi $48,3 mlrdga yetdi. Iqtisodiyot va moliya vazirligi tahliliga qaraganda, kreditlar bir yil avvalgidan $4,8 mlrdga ko‘paygan.
Davlat qarzi mamlakat yalpi ichki mahsulotiga nisbatan 27% ni tashkil etgan (bir yil ilgari 29,6% bo‘lgan).
Tashqi va ichki qarzlar ulushi
O‘zbekiston hukumati jalb qilgan kreditlarning $40,7 mlrd yoki 84%i tashqi qarzlar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Qolgan $7,6 mlrd ichki qarzlar bo‘lib, umumiy kreditlarning 16% ini tashkil etgan.
Davlat qarzining asosiy o‘sishi tashqi qarz ko‘payishi hisobiga yuz bergan — bir yilda $4,2 mlrdga ortgan. Ichki qarz esa $642 mlnga o‘sgan.
Tashqi qarzning $21,7 mlrd(jami ko‘rsatkichning 45%i) qatʼiy belgilangan foiz stavkada, $18,7 mlrd (39%) o‘zgaruvchan foiz stavkada olingan kreditlar hisoblanadi. Yana $266 mln foizsiz olingan qarzlar bo‘lgan.
Davlat qarzining valyuta tarkibi
Davlat tashqi qarzining eng yirik ulushi — $27,4 mlrd AQSH dollarida olingan. Yana $3,9 mlrd ekvivalentidagi kreditlar yevro, $2,7 mlrd yapon iyenasi, $2,1 mlrd o‘zbek so‘mida va $1,5 mlrd xitoy yuanida jalb etilgan. Davlat ichki qarzining $5 mlrd o‘zbek so‘mida, $2,4 mlrd AQSH dollarida olingan.
Kimlar qarz berdi?
Tashqi qarz tarkibida kreditorlar qatorida xalqaro moliya institutlari $22,48 mlrd yoki jamiga nisbatan 55% bilan yetakchilik qildi:
- Jahon banki — $9,12 mlrd (tashqi qarzning 22%i);
- Osiyo taraqqiyot banki — $8,17 mlrd (20%);
- Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki — $2,32 mlrd (6%);
- Islom taraqqiyot banki — $1,2 mlrd (3%);
- Xalqaro valyuta jamg‘armasi — $608 mln (1%);
- Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki — $478 mln (1%);
- boshqa XMIlar — $580 mln (1%).
Xorijiy hukumatlarning moliyaviy tashkilotlari suveren majburiyatlarning 28% — $11,45 mlrdni tashkil etadi:
- Xitoy (Xitoy taraqqiyot banki, Eksimbank va boshqalar) — $3,88 mlrd (10%);
- Yaponiya (Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi va boshqalar) — $3,09 mlrd (8%);
- Fransiya (Fransiya taraqqiyot agentligi va b.) — $1,3 mlrd (3%);
- Janubiy Koreya (Eksimbank, Koreya iqtisodiy taraqqiyot jamg‘armasi va b.) — $693 mln (2%);
- Germaniya (Germaniya davlat banki) — $725 mln (2%).
Yanvar-iyun oylarida davlat tashqi qarzining 17%i investorlar hissasiga to‘g‘ri keldi — $6,77 mlrd.
Qarzlar nimalarga sarflandi?
Davlat tashqi qarzining 50%i — $20,53 mlrdi budjetni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan. Shuningdek, $5,47 mlrdi (13%) yoqilg‘i-energetika, $3,72 mlrd (9%) — sog‘liqni saqlash, ta’lim va IT, $3,37 mlrd (8%) — uy-joy kommunal xo‘jaligi, $3,34 mlrd (8%) — qishloq va suv hamda $3,06 mlrdi (8%) transport va transport infratuzilmasiga ajratilgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ