Yarim yilda aholining valyuta ayirboshlash operatsiyalari $19,1 mlrdga yetdi
Valyuta ayirboshlash operatsiyalarining 39%i onlayn xizmatlar orqali amalga oshirilgan
Фото: Kapital.uz
2026-yilning I-yarim yilligida banklar va jismoniy shaxslar o‘rtasidagi chet el valyutasi oldi-sotdi operatsiyalari aylanmasi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 31% yoki $4,5 mlrdga oshib, $19,1 mlrdni tashkil etdi. Bu haqda Markaziy bankning 2026-yil I yarim yilligi bo‘yicha Jismoniy shaxslarning valyuta operatsiyalari sharhida ma’lum qilindi.
Hisobot davrida banklar jismoniy shaxslardan $12,3 mlrd miqdorida xorijiy valyuta sotib oldi. Bu 2025-yilning I-yarim yilligiga nisbatan 35% ko‘p.
Banklarning jismoniy shaxslarga sotgan valyutasi hajmi esa 26% ga oshib, $6,8 mlrdga yetdi.
Natijada banklar tomonidan aholidan xarid qilingan valyuta hajmi sotilgan valyutadan $5,5 mlrdga ko‘p bo‘ldi. Bir yil avval bu farq $3,7 mlrdni tashkil etgan.
Valyuta ayirboshlashda onlayn xizmatlar ulushi oshdi
Valyuta oldi-sotdi operatsiyalarining asosiy qismi — 59%i yoki $11,2 mlrd — valyuta ayirboshlash shoxobchalari orqali amalga oshirilgan. Ushbu ko‘rsatkich bir yil ichida 33% ga oshgan.
Masofaviy xizmat ko‘rsatish, ya’ni onlayn kanallar orqali $7,5 mlrdlik operatsiya amalga oshirildi. Bu jami aylanmaning 39%ini tashkil etib, 2025-yilning mos davriga nisbatan 27% ko‘p.
24/7 rejimda ishlaydigan bankomatlar orqali esa $404 mlnlik valyuta oldi-sotdi operatsiyalari amalga oshirildi. Ushbu ko‘rsatkich bir yil ichida 61% ga oshgan.
Masofaviy xizmatlar va valyuta bankomatlari orqali amalga oshirilayotgan operatsiyalar ulushining ortishi aholining raqamli bank xizmatlaridan foydalanishi kengayib borayotganini ko‘rsatmoqda.
Aholining sof valyuta taklifi oshdi
Jismoniy shaxslar tomonidan banklarga sotilgan valyuta hajmining banklardan xarid qilingan valyutadan sezilarli darajada yuqori bo‘lishi ichki valyuta bozorida aholi tomonidan shakllantirilayotgan sof valyuta taklifining oshganini ko‘rsatmoqda.
Xususan, jismoniy shaxslar segmentidagi sof valyuta taklifining jami valyuta ayirboshlash aylanmasidagi ulushi 2025-yilning I-yarim yilligida 26%dan 2026-yilning mos davrida 29%gacha oshgan.
Kapital.uz avvalroq yarim yilda O‘zbekistonda xorijdan pul o‘tkazmalarining sof oqimi qariyb $8 mlrdni tashkil etgani haqida xabar bergandi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ