Yarim yilda O‘zbekistonda pul o‘tkazmalarining sof oqimi qariyb $8 mlrdni tashkil etdi

Mamlakatga kelgan pul o‘tkazmalari 13% ga oshgan, xorijga yuborilgan mablag‘lar esa 8% ga ko‘paygan

Yarim yilda O‘zbekistonda pul o‘tkazmalarining sof oqimi qariyb $8 mlrdni tashkil etdi

2026-yilning yanvar-iyun oylarida xorijdan O‘zbekistonga yuborilgan pul o‘tkazmalari hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 13% yoki 1,1 mlrd dollarga oshib, $9,3 mlrdni tashkil etdi. Bu haqda Markaziy bankning 2026-yil I yarim yilligi bo‘yicha Jismoniy shaxslarning valyuta operatsiyalari sharhida ma’lum qilindi.

Bunga mehnat muhojirlari ishlaydigan an’anaviy mamlakatlarda ishchi kuchiga talab va ish haqlarining nisbatan yuqori darajada saqlanib qolgani, shuningdek, milliy valyuta kurslarining yil boshidan buyon umumiy mustahkamlanishi ta’sir ko‘rsatgan.

Hisobot davrida tashqi mehnat migratsiyasi geografiyasining diversifikatsiyasi davom etdi. Bu rivojlangan mamlakatlardan O‘zbekistonga kelib tushgan pul o‘tkazmalari hajmining oshishida ham namoyon bo‘ldi.

Xususan, Buyuk Britaniyadan yuborilgan pul o‘tkazmalari 62% ga, Yevropa Ittifoqi mamlakatlaridan 27% ga, AQSHdan esa 19% ga oshdi. YI mamlakatlari orasida Irlandiyadan o‘tkazmalar 86% ga, Litvadan 18% ga va Niderlandiyadan 7% ga ko‘paygan.

Pul o‘tkazmalarining asosiy qismi P2P orqali amalga oshirilgan

2026-yilning I-yarim yilligida jismoniy shaxslarga kelib tushgan mablag‘larning $4,3 mlrd yoki 46,7%i an’anaviy xalqaro pul o‘tkazmalari tizimlari orqali yuborilgan. Ushbu kanaldagi o‘sish o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 0,3%ni tashkil etdi.

Xorijdan jismoniy shaxslarning bank kartalariga to‘g‘ridan to‘g‘ri yuborilgan P2P o‘tkazmalar hajmi esa 4,8 mlrd dollarga yetdi. Bu jami pul o‘tkazmalarining 51,7%ini tashkil etib, bir yil ichida 32% ga oshgan.

Bank o‘tkazmasi — SWIFT orqali yuborilgan mablag‘lar hajmi $142 mlnni tashkil etdi. Ushbu kanal orqali o‘tkazmalar hajmi 43% ga kamayib, jami tushumlarning 1,6%ini tashkil qildi.

O‘zbekistondan xorijga $1,3 mlrd yuborildi

Hisobot davrida O‘zbekistondan chet elga yuborilgan pul o‘tkazmalari ham oshgan.

Yanvar-iyun oylarida mamlakatdan xorijga $1,3 mlrd yuborilgan bo‘lib, bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 8% yoki $100 mlnga ko‘p.

Biroq chiqib ketgan mablag‘lar hajmi mamlakatga kelgan pul o‘tkazmalaridan ancha past bo‘lib qolmoqda. $9,3 mlrdlik tushumga nisbatan $1,3 mlrdlik chiqim hisobga olinsa, O‘zbekistonning jismoniy shaxslar pul o‘tkazmalari bo‘yicha sof oqimi taxminan $8 mlrdni tashkil etgan.

O‘zbekiston global pul oqimining bir qismiga aylanmoqda

Markaziy bank sharhida xalqaro pul o‘tkazmalari rivojlanayotgan mamlakatlar uchun muhim tashqi moliyalashtirish manbalaridan biriga aylanayotgani ham qayd etilgan.

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilda xalqaro migrantlarning katta qismi yuqori daromadli mamlakatlarda jamlangan. So‘nggi o‘n yil ichida past va o‘rta daromadli mamlakatlarga yuborilgan xalqaro pul o‘tkazmalari hajmi $5,5 trlndan oshgan.

Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, 2022-yildan boshlab rivojlanayotgan mamlakatlarga kelayotgan xalqaro pul o‘tkazmalari hajmi to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar miqdoridan ham oshgan.

Hindiston esa 2025-yilda $151 mlrd pul o‘tkazmasini qabul qilib, dunyodagi eng yirik mablag‘ oluvchi mamlakat bo‘lib qolgan. Undan keyingi o‘rinlarda Meksika, Filippin, Misr, Pokiston va Bangladesh turadi.

O‘zbekiston misolida esa 2026-yilning birinchi yarmidagi raqamlar mehnat migratsiyasi mamlakat iqtisodiyotiga olib kirayotgan valyuta oqimi yuqori darajada saqlanib qolayotganini ko‘rsatmoqda. Shu bilan birga, pul yuborishning raqamli kanallarga, xususan P2P xizmatlariga tez sur’atlarda o‘tayotgani ham yangi tendensiya sifatida namoyon bo‘lmoqda.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

O‘zbekistonda 2027-yildan 5 ta hududlararo sud tashkil etiladi
/
O‘zbekistonda 2027-yildan 5 ta hududlararo sud tashkil etiladi
Surxondaryo viloyatining elektr ta’minoti 80% ga tiklandi — Energetika vazirligi
/
Surxondaryo viloyatining elektr ta’minoti 80% ga tiklandi — Energetika vazirligi
O‘zbekistonda 14 ta tumanda energiya ta’minotini yaxshilash bo‘yicha 5 yillik dastur ishlab chiqildi
/
O‘zbekistonda 14 ta tumanda energiya ta’minotini yaxshilash bo‘yicha 5 yillik dastur ishlab chiqildi