Kriptobirjalarga mijozlarni verifikatsiya qilishda uchinchi tomon xizmatlaridan foydalanishga ruxsat berildi
ILMA kriptoaktivlar xizmatlari uchun mijozlarni verifikatsiya qilish va shubhali operatsiyalar haqida xabar berish tartibini yangiladi
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (ILMA) kriptoaktivlar sohasidagi xizmat provayderlari uchun noqonuniy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurash bo‘yicha ichki nazorat qoidalariga o‘zgartirishlarni tasdiqladi. Qaror avvalroq jamoatchilik muhokamasiga qo’yilgandi.
Yangi talablar kriptodo‘konlar, kriptobirjalar va kriptoaktivlar aylanmasi sohasida faoliyat yurituvchi boshqa kompaniyalarning ish tartibiga taalluqli.
Ichki nazorat uchun mas’ul xodimlar rahbar o‘rinbosari lavozimida bo‘lishi kerak. Yangi kriptoaktivlar xizmatlari provayderi litsenziya olganidan keyin bir oy ichida mas’ul xodimni tayinlashi va uning anketa ma’lumotlarini regulyatorga yuborishi lozim.
Provayderlar rahbarlariga qo‘yiladigan talablar kuchayadi
Xizmat provayderlari rahbarlariga nisbatan ham yangi talablar belgilanmoqda. Ular pul yuvishga qarshi kurashish sohasida xalqaro hamkorlikda ishtirok etmaydigan davlatlar rezidenti bo‘lmasligi kerak.
Shuningdek, bunday davlatlarda ro‘yxatdan o‘tgan kompaniyalar kriptoaktivlar xizmatlari provayderlarining muassislari tarkibida bo‘lishi mumkin emas.
Provayderlar xodimlarni tayinlash, tayyorlash va o‘qitishga qo‘yiladigan talablarda ularning malakasi hamda ishchanlik obro‘siga oid mezonlarni belgilashi kerak. Shuningdek, xodimlar mijozning faoliyati, biznesi, mulkchilik va boshqaruv tuzilmasini tushunishi talab etiladi.
Mijozlarni lozim darajada tekshirish (due diligence) doirasida ularni identifikatsiya qilish va verifikatsiyadan o‘tkazishda shaxsiy ma’lumotlarning haqiqiyligini tasdiqlashga ixtisoslashgan uchinchi tomon tashkilotlari xizmatlaridan foydalanishga ruxsat beriladi.
Affillangan tashkilotlar uchun guruh yondashuvi joriy etiladi
Agar xizmat provayderining pul yoki boshqa mol-mulk bilan operatsiyalarni amalga oshiruvchi nazoratidagi yoki affillangan tashkiloti mavjud bo‘lsa, ichki nazorat qoidalari guruh yondashuvi asosida ishlab chiqilishi kerak.
Bunday qoidalarda quyidagilar nazarda tutiladi:
- jinoiy daromadlarni legallashtirish bilan bog‘liq xatarlarni boshqarish uchun axborot almashish qoidalari va tartiblari;
- guruh darajasida komplayens-nazorat, audit hamda pul yuvishga qarshi kurashish funksiyalarining muvofiqligini ta’minlash;
- zarur hollarda filial va sho‘ba tashkilotlardan mijozlar, ularning hisobvaraqlari va operatsiyalari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni olish;
- ma’lumotlarning maxfiyligi va xavfsizligini tegishli darajada ta’minlash.
Shubhali operatsiyalar haqida himoyalangan kanallar orqali xabar beriladi
Xizmat provayderlari shubhali operatsiyalar haqida Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentiga himoyalangan aloqa kanallari orqali xabar berishi kerak.
Bunday kanallarga ma’lumotlarni shifrlash imkonini beruvchi elektron tizimlar, himoyalangan elektron pochta manzillari, shuningdek, maxsus tizimdagi shaxsiy kabinet kiradi.
Shaxsiy kabinetga ulanish uchun ILMAga tashkilot va mas’ul xodim haqidagi ma’lumotlar ko‘rsatilgan holda so‘rov yuboriladi.
Agar mijoz terrorizmga aloqador yoki unda ishtirok etishda gumon qilinayotgan shaxslar ro‘yxatida bo‘lgani sababli operatsiya to‘xtatilsa yoki aktivlari muzlatilsa, mas’ul xodim bu haqda mijozni imkon qadar qisqa muddatda xabardor qilishi kerak.
Shuningdek, mijozga operatsiyani qayta tiklash tartibi tushuntirilishi lozim.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ