Kripto birja va do‘konlar mijozlarni uchinchi tomon orqali tekshirishi mumkin

ILMA yangi qoidalar loyihasida kriptoaktivlar xizmatlari uchun ichki nazorat talablarini kuchaytirishni taklif qilmoqda

Kripto birja va do‘konlar mijozlarni uchinchi tomon orqali tekshirishi mumkin

Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (ILMA) kriptoaktivlar sohasidagi xizmatlar provayderlari uchun noqonuniy daromadlarni legallashtirishga qarshi ichki nazorat qoidalariga o‘zgartirishlar kiritish loyihasini e’lon qildi.

O‘zgarishlar, avvalo, ichki nazoratni tashkil etish va amalga oshirish uchun mas’ul xodimlarni tayinlash tartibiga taalluqli. Amaldagi tartibda bunday xodimlar rahbariyat tarkibidan tayinlanishi mumkin bo‘lsa, yangi talabga ko‘ra, bu lavozimga rahbar o‘rinbosarlari tayinlanishi kerak.

Yangi kriptoaktivlar xizmatlari provayderi litsenziya olganidan keyin bir oy ichida mas’ul xodimni tayinlashi va uning ma’lumotlarini regulyatorga yuborishi lozim bo‘ladi.

Shuningdek, provayderlar rahbarlariga qo‘yiladigan talablar kuchaytiriladi. Ular noqonuniy daromadlarni legallashtirishga qarshi xalqaro hamkorlikda ishtirok etmaydigan davlatlar rezidenti bo‘lmasligi kerak. Ta’sischilar orasida ham bunday davlatlarda ro‘yxatdan o‘tgan kompaniyalar bo‘lishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Provayderlar xodimlarni ishga qabul qilish, tayyorlash va o‘qitishda ularning malakasi hamda ishchanlik obro‘sini hisobga olishi kerak bo‘ladi. Xodimlardan mijozning faoliyati, mulkchilik va boshqaruv tuzilmasini tushunish talab etiladi.

Mijozlarni identifikatsiya qilish va tekshirish doirasida uchinchi tomon — shaxsiy ma’lumotlarning haqiqiyligini tasdiqlashga ixtisoslashgan tashkilotlar xizmatlaridan foydalanishga ruxsat beriladi.

Agar provayderga bo‘ysunuvchi yoki u bilan bog‘liq tashkilot pul yoki boshqa mol-mulk bilan operatsiyalarni amalga oshirsa, ichki nazorat qoidalari guruh yondashuvi asosida ishlab chiqiladi. Bunda noqonuniy daromadlarni legallashtirish xavflari bo‘yicha axborot almashish, guruh darajasidagi komplayens nazorati va audit funksiyalarini muvofiqlashtirish, shuningdek, zarur hollarda filial va sho‘ba korxonalardan mijozlar hamda ularning operatsiyalari haqidagi ma’lumotlarni olish tartibi belgilanadi.

Shubhali operatsiyalar haqida xabar berish tartibi ham aniqlashtiriladi. Provayderlar bunday xabarlarni Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentiga himoyalangan kanallar orqali yuborishi kerak bo‘ladi.

Himoyalangan kanallarga ma’lumotlarni kriptografik himoyalash tizimlari, himoyalangan elektron pochta va maxsus tizimdagi shaxsiy kabinet kiradi. Unga ulanish uchun ILMAga tashkilot va mas’ul xodim haqidagi ma’lumotlar ko‘rsatilgan holda so‘rov yuborish talab etiladi.

Agar mijoz terrorizmda ishtirok etayotgan yoki gumon qilinayotgan shaxslar ro‘yxatida bo‘lgani sababli operatsiya to‘xtatilsa yoki aktivlari muzlatilsa, mas’ul xodim bu haqda mijozni imkon qadar qisqa muddatda xabardor qilishi va operatsiyani qayta tiklash tartibini tushuntirishi kerak bo‘ladi.

O‘zgartirishlar loyihasi 22-avgustgacha muhokama qilinadi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Qozog‘iston eGov tizimi buzilgani va 15 mln fuqaroning ma’lumotlari sizdirilgani haqidagi xabarlarni rad etdi
/
Qozog‘iston eGov tizimi buzilgani va 15 mln fuqaroning ma’lumotlari sizdirilgani haqidagi xabarlarni rad etdi
Iyul oyida Tezkor to‘lovlar tizimi orqali 190 trln so‘mdan ortiq mablag‘ o‘tkazildi
/
Iyul oyida Tezkor to‘lovlar tizimi orqali 190 trln so‘mdan ortiq mablag‘ o‘tkazildi
O‘zbekistonda barcha valyutalar qiymati oshdi
/
O‘zbekistonda barcha valyutalar qiymati oshdi