O‘zbekistonning tashqi qarzi $84,1 mlrdga yetdi
Yil boshidan buyon tashqi qarz $1,9 mlrdga oshgan, uning qariyb yarmi korporativ qarz hissasiga to‘g‘ri keladi
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
O‘zbekistonning tashqi qarzi 1-iyul holatiga $84,1 mlrdni tashkil etdi. Yil boshidan buyon mamlakatning tashqi qarzi $1,9 mlrdga oshgan. Bu haqda Markaziy bankning to‘lov balansi, xalqaro investitsiya pozitsiyasi va tashqi qarz bo‘yicha sharhida ma’lum qilindi.
1-iyul holatiga O‘zbekistonning davlat tashqi qarzi $41,7 mlrd, korporativ tashqi qarzi esa $42,4 mlrdni tashkil etgan. Shu tariqa, jami tashqi qarzning yarmidan ko‘prog‘i korporativ qarz hissasiga to‘g‘ri keladi.
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, korporativ tashqi qarz davlat kafolatisiz xususiy sektor tomonidan jalb qilingan qarzlarni o‘z ichiga oladi. Ushbu majburiyatlar bo‘yicha javobgarlik kompaniyalar va banklarning o‘z zimmasida bo‘ladi.
Markaziy bank sharhida, shuningdek, Xalqaro valyuta jamg‘armasi O‘zbekistonning qarz yukini past darajada baholayotgani qayd etilgan. Tashqi qarzning sezilarli qismi imtiyozli shartlarda jalb qilingan.
Bundan tashqari, davlat qarzining asosiy o‘sishi tashqi qarz ko‘payishi hisobiga yuz bergan — bir yilda $4,2 mlrdga ortgan. Hozirgi kunda davlat qarzi mamlakat yalpi ichki mahsulotiga nisbatan 27% ni tashkil etmoqda.
Tashqi qarzning $21,7 mlrd(jami ko‘rsatkichning 45%i) qatʼiy belgilangan foiz stavkada, $18,7 mlrd (39%) o‘zgaruvchan foiz stavkada olingan kreditlar hisoblanadi. Yana $266 mln foizsiz olingan qarzlar bo‘lgan.
Qarzni qaysi davlatlar berdi?
Tashqi qarz tarkibida kreditorlar qatorida xalqaro moliya institutlari $22,48 mlrd yoki jamiga nisbatan 55% bilan yetakchilik qildi:
- Jahon banki — $9,12 mlrd (tashqi qarzning 22%i);
- Osiyo taraqqiyot banki — $8,17 mlrd (20%);
- Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki — $2,32 mlrd (6%);
- Islom taraqqiyot banki — $1,2 mlrd (3%);
- Xalqaro valyuta jamg‘armasi — $608 mln (1%);
- Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki — $478 mln (1%);
- boshqa XMIlar — $580 mln (1%).
Xorijiy hukumatlarning moliyaviy tashkilotlari suveren majburiyatlarning 28% — $11,45 mlrdni tashkil etadi:
- Xitoy (Xitoy taraqqiyot banki, Eksimbank va boshqalar) — $3,88 mlrd (10%);
- Yaponiya (Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi va boshqalar) — $3,09 mlrd (8%);
- Fransiya (Fransiya taraqqiyot agentligi va b.) — $1,3 mlrd (3%);
- Janubiy Koreya (Eksimbank, Koreya iqtisodiy taraqqiyot jamg‘armasi va b.) — $693 mln (2%);
- Germaniya (Germaniya davlat banki) — $725 mln (2%).
Yanvar-iyun oylarida davlat tashqi qarzining 17%i investorlar hissasiga to‘g‘ri keldi — $6,77 mlrd.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ