O‘zbekistonning joriy operatsiyalar hisobi taqchilligi $6,2 mlrdni tashkil etdi

Yarim yilda eksport 8,6% ga qisqarib, import hajmi 24%ga oshgan

O‘zbekistonning joriy operatsiyalar hisobi taqchilligi $6,2 mlrdni tashkil etdi

2026-yilning birinchi yarmida O‘zbekiston tashqi sektorida tovarlar va xizmatlar eksporti, xalqaro pul o‘tkazmalari hamda xorijiy investitsiyalar oqimida ijobiy tendensiyalar saqlanib qoldi. Bu haqda Markaziy bankning to‘lov balansi, xalqaro investitsiyaviy mavqe va tashqi qarz bo‘yicha ma’lumotlarida qayd etilgan.

Hisobot davrida O‘zbekistonning jami eksporti $15,4 mlrdni tashkil etdi. Bu 2025-yilning mos davriga nisbatan 8,6% ga kam.

Eksportning qisqarishiga asosan oltin eksportining kamayishi sabab bo‘lgan. Oltinsiz tovarlar eksporti 27% ga, xizmatlar eksporti esa 45% ga oshgan.

Shu bilan birga, import hajmi 24% ga o‘sib, $28,8 mlrdga yetdi. Bunga mamlakatdagi investitsiyaviy faollik va ichki iste’mol talabining yuqori darajada saqlanib qolishi fonida mashina va uskunalar, transport vositalari, kimyoviy va mineral mahsulotlar hamda oziq-ovqat tovarlari importining ko‘payishi sabab bo‘lgan.

Import tarkibida tovarlar importi 24% ga, xizmatlar importi esa 21% ga oshgan.

Natijada tashqi savdo balansi bo‘yicha manfiy saldo $13,4 mlrdni tashkil etdi. Ushbu taqchillik birlamchi va ikkilamchi daromadlar hisobidagi mos ravishda $1,9 mlrd va $5,3 mlrdlik ijobiy saldolar hisobiga qisman qoplangan.

Joriy operatsiyalar hisobi taqchilligi $6,2 mlrd bo‘ldi

Mazkur omillar ta’sirida 2026-yilning birinchi yarmida joriy operatsiyalar hisobi qariyb $6,2 mlrd miqdorida manfiy saldo bilan shakllandi.

Ushbu taqchillik asosan to‘g‘ridan-to‘g‘ri, portfel va boshqa investitsiyalar bo‘yicha operatsiyalar hamda boshqa moliyalashtirish manbalari hisobidan qoplangan.

Hisobot davrida O‘zbekistonga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarning sof kirimi $2,3 mlrdni tashkil etdi. Portfel investitsiyalarining sof jalb qilinishi esa qariyb $2 mlrdga yetdi.

Davlat sektori, banklar va boshqa sektorlar kesimida valyuta va depozitlar, savdo kreditlari hamda tashqi qarzlar bo‘yicha operatsiyalar hisobiga boshqa investitsiyalar komponentida qariyb $1,5 mlrdlik sof kirim qayd etildi.

Ushbu omillar natijasida 2026-yilning birinchi yarmi yakunida moliyaviy hisobning manfiy saldosi $7,5 mlrdni tashkil qildi.

O‘zbekistonning sof xalqaro investitsiyaviy mavqei 34% ga qisqardi

2026-yil 1-iyul holatiga O‘zbekistonning sof xalqaro investitsiyaviy mavqei yil boshiga nisbatan 34% ga qisqarib, $13,3 mlrdni tashkil etdi.

Rezidentlarning tashqi aktivlari qoldig‘i yil boshiga nisbatan $1,1 mlrdga yoki 1% ga kamaygan.

Bunda jahon bozorida oltin narxining pasayishi hisobiga xalqaro zaxiralar qoldig‘i $2,5 mlrdga qisqargan. Shu bilan birga, to‘g‘ridan-to‘g‘ri va boshqa investitsiyalar bo‘yicha aktivlar qoldig‘i $1,4 mlrdga oshgan.

Rezidentlarning tashqi majburiyatlari qoldig‘i esa $5,8 mlrdga yoki 5% ga ko‘paygan.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

OIIB O‘zbekiston infratuzilma loyihalarini $5 mlrdgacha moliyalashtirishi mumkin
/
OIIB O‘zbekiston infratuzilma loyihalarini $5 mlrdgacha moliyalashtirishi mumkin
“Yangi Bank” binosi qayta sotuvga qo‘yildi
/
“Yangi Bank” binosi qayta sotuvga qo‘yildi
Endi YIDXPda foydalanuvchi nomiga rasmiylashtirilgan barcha bank kartalarini ko‘rish mumkin
/
Endi YIDXPda foydalanuvchi nomiga rasmiylashtirilgan barcha bank kartalarini ko‘rish mumkin