AVO bank mijoz hisobvaraqlariga qo‘yilgan cheklovlar yuzasidan izoh berdi

Cheklov huquqni muhofaza qiluvchi organning tergov doirasidagi talabi asosida qo‘yilgan va faqatgina organ talabi bilan bekor qilinadi

AVO bank mijoz hisobvaraqlariga qo‘yilgan cheklovlar yuzasidan izoh berdi

AVO bank ijtimoiy tarmoqlarda mijozning hisobvaraqlari va omonatlaridagi mablag‘lardan foydalanishga cheklov qo‘yilgani haqida tarqalgan murojaat yuzasidan rasmiy bayonot berdi.

Bank ma’lumotiga ko‘ra, mijozning hisobvaraqlari va omonatlaridagi mablag‘larni tasarruf etishga qo‘yilgan cheklov huquqni muhofaza qiluvchi organ tomonidan olib borilayotgan tergov tadbirlari doirasidagi talab asosida joriy etilgan.

Bankning ta’kidlashicha, qonunchilikka muvofiq huquqni muhofaza qiluvchi organlar bankdan har qanday hisobvaraqlar, jumladan omonatlar, talab qilib olinguncha saqlanadigan hisobvaraqlar va karta hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalarni cheklashni talab qilish huquqiga ega.

Bank bunday talablarni, agar ular vakolatli organ tomonidan o‘z vakolati doirasida berilgan bo‘lsa, bajarishi shart. Shu sababli bank cheklovni mustaqil ravishda bekor qila olmaydi. Buning uchun vakolatli huquqni muhofaza qiluvchi organning tegishli hujjati talab etiladi.

Bank mijoz tomonidan davlat organidan olingan xat ham ko‘rib chiqilganini bildirdi. Unga ko‘ra, mazkur hujjat cheklovni bekor qilish to‘g‘risidagi vakolatli organning hujjati hisoblanmaydi va qonunchilikka muvofiq mablag‘larni blokdan chiqarish uchun asos bo‘la olmaydi.

Bank mijozga tushuntirish bergan

AVO bank mijozning murojaatlarini e’tiborsiz qoldirmaganini ma’lum qildi. Bank unga bir necha bor yozma va og‘zaki tushuntirishlar bergan.

Ularda cheklovning sabablari, uni qo‘llash asoslari, bankning vakolatlari hamda cheklovni bekor qilish uchun zarur bo‘lgan harakatlar tartibi tushuntirilgan. Shuningdek, mijozga vakolatli huquqni muhofaza qiluvchi organlarga va sudga murojaat qilish tavsiya etilgan.

Bank ayrim davlat organlaridan kelib tushgan hujjatlarni mijozga taqdim eta olmasligini ham bildirdi. Bankning qayd etishicha, huquqni muhofaza qiluvchi organlardan kelib tushadigan maxfiy yoki xizmat doirasidagi xususiyatga ega hujjatlar qonunchilikka ko‘ra bank tomonidan berilishi mumkin emas.

Shuningdek, bank huquqni muhofaza qiluvchi organlardan jismoniy shaxs mol-mulkidan xatlovni bekor qiluvchi protsessual hujjatlarni chiqarishni talab qilish huquqiga ega emas. Bunday hujjatlarni so‘rash va talab qilish mablag‘lar egasining huquqi hisoblanadi.

Bank Markaziy bank va huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilgan

Bank cheklov qo‘yilishi holatlarini aniqlashtirish va taqdim etilgan ma’lumotlarni tekshirish maqsadida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga hamda Markaziy bankka murojaat qilgan.

AVO bankning ma’lum qilishicha, cheklovni bekor qilish to‘g‘risidagi hujjat hozirgacha bankka kelib tushmagan. Uni bekor qilish muddati bankka bog‘liq emas va vakolatli huquqni muhofaza qiluvchi organning qarori bilan belgilanadi.

Bank davlat organlari bilan hamkorlikni davom ettirayotganini va masalani imkon qadar tez hal etishga ko‘maklashayotganini bildirdi.

Bank tegishli hujjat kelib tushganidan so‘ng mablag‘larni blokdan chiqarish bo‘yicha zarur choralarni zudlik bilan ko‘rishini ma’lum qildi.

Bankning ta’kidlashicha, depozit hisobvarag‘idagi mablag‘larni tasarruf etishga cheklov qo‘yilishi omonat bo‘yicha foizlarni hisoblashni to‘xtatmaydi.

Foizlar bank omonati shartnomasi shartlari va amaldagi tartib-taomillarga muvofiq shartnoma muddati tugaguniga qadar hisoblab borilgan.

Mijoz sudga murojaat qilishi mumkin

AVO bank mijozning o‘z manfaatlarini, shu jumladan sud orqali himoya qilish huquqini hurmat qilishini bildirdi.

Bank barcha harakatlari qonunchilik talablariga asoslanganini va ularning qonuniyligini belgilangan tartibda asoslab berishga tayyorligini ma’lum qildi.

Shuningdek, bank ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan ma’lumotlarga mas’uliyat bilan yondashishga chaqirdi. Bankning qayd etishicha, ishonchsiz, jumladan yuridik shaxsning ishchanlik obro‘siga putur yetkazuvchi ma’lumotlarni tarqatish qonunchilikda belgilangan javobgarlikka sabab bo‘lishi mumkin.

Shu munosabat bilan bank OAV vakillari, blogerlar, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari va boshqa axborot makoni ishtirokchilarini vaziyatni yoritishda bankning rasmiy pozitsiyasini ham hisobga olishga hamda ma’lumotlarni e’lon qilishdan oldin tekshirishga chaqirdi.

Bank bundan keyin ham qonunchilik doirasida faoliyat yuritishini va mijozlarning huquq hamda qonuniy manfaatlarini hurmat qilgan holda yuzaga kelgan masalalarni hal etishga ko‘maklashishini bildirdi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

O‘zbekistonda dollar kursi pasaydi
/
O‘zbekistonda dollar kursi pasaydi
O‘zbekistonning tashqi qarzi $84,1 mlrdga yetdi
/
O‘zbekistonning tashqi qarzi $84,1 mlrdga yetdi
Kriptobirjalarga mijozlarni verifikatsiya qilishda uchinchi tomon xizmatlaridan foydalanishga ruxsat berildi
/
Kriptobirjalarga mijozlarni verifikatsiya qilishda uchinchi tomon xizmatlaridan foydalanishga ruxsat berildi