Uzum yilning birinchi yarmida qariyb 900 mlrd so‘m soliq to‘ladi
Marketpleysdagi sotuvchilar aylanmasi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 60% ga oshgan
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
Uzum 2026-yilning yanvar—iyun oylarida davlat budjetiga qariyb 900 mlrd so‘m soliq to‘ladi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati ma’lum qildi.
Kompaniya qayd etishicha, ushbu ko‘rsatkich Uzum ekotizimida faoliyat yuritayotgan 100 mingdan ortiq sotuvchi va hamkor tadbirkorlarning soliq to‘lovlarini o‘z ichiga olmaydi.
Uzum Market tahlillariga ko‘ra, marketpleysdagi sotuvchilar aylanmasi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 60% ga oshgan. Natijada platformada faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarning soliq to‘lovlari ham ko‘paygan.
Uzum asoschisi va bosh direktori Jasur Jumayevning ta’kidlashicha, kompaniya uchun nafaqat yirik texnologik biznesni rivojlantirish, balki mamlakat iqtisodiyotiga amaliy hissa qo‘shish ham muhim.
Biz uchun nafaqat yirik texnologik biznesni qurish, balki O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun real qiymat yaratish ham muhim. Soliq to‘lovlarining o‘sishi raqamli servislar mamlakat iqtisodiy infratuzilmasining to‘laqonli qismiga aylanib borayotganini ko‘rsatmoqda, — dedi u.
Kompaniya fikricha, platforma iqtisodiyoti O‘zbekistonda kichik va o‘rta biznes rivojining muhim omillaridan biriga aylanmoqda. Raqamli ekotizim onlayn savdo, to‘lovlar, bank xizmatlari, muddatli to‘lov, logistika va sotuvchilar uchun servislarni yagona platformada birlashtirib, biznesni raqamlashtirish hamda shaffof naqd pulsiz hisob-kitoblar ulushini oshirishga xizmat qilmoqda.
Uzum, shuningdek, texnologiyalar, logistika va moliyaviy xizmatlarni rivojlantirishga investitsiyalarni davom ettirishini ma’lum qildi. Kompaniya hududlardagi tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash, raqamli moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish hamda infratuzilmani rivojlantirishni ustuvor yo‘nalish sifatida belgilagan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ