Dastlabki ikki oyda tashqi savdo aylanmasi $10 mlrddan oshgan
Xususan, eksport hajmi 27,7% ga o‘sgan bo‘lsa, import 0,6 % ga kamaydi
Фото: iStock
2025-yilning yanvar-fevral oylarida O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi $10,8 mlrd ni tashkil etdi va 2024-yilning shu davriga nisbatan $973,3 mln ga yoki 9,9 % ga oshdi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy statistika qo‘mitasi xabar bermoqda.
Jami tashqi savdo aylanmasi hajmidan eksport $4,64 mlrd ni tashkil qildi (2024-yilning yanvar-fevral oylariga nisbatan 27,7 % ga o‘sdi). Import esa $6,2 mlrd ga yetdi (0,6 % ga kamaydi). Natijada, tashqi savdo balansi -$1,56 mlrd ni tashkil etdi.
Eksport
O‘zbekiston 162 ta davlat bilan savdo aloqalarini amalga oshirmoqda. Eng katta tashqi savdo aylanmasi Xitoy (19,2 %), Rossiya (14,9 %), Qozog‘iston (6,1 %), Turkiya (3,9 %) va Afg‘oniston (2,5 %) bilan qayd etilgan.
Tashqi savdo eksporti tarkibida tovarlar ulushi 74,7 % ni tashkil etadi, jumladan:
- sanoat mahsulotlari – 12,4 %;
- oziq-ovqat mahsulotlari va tirik hayvonlar – 6,3 %;
- kimyoviy moddalar va shu turdagi mahsulotlar – 5,9 %;
- turli tayyor mahsulotlar – 3,9 %.
2025 yil yanvar-fevral oylarida tashqi savdo aylanmasida asosiy eksport sheriklari quyidagi davlatlar bo‘ldi:
- Rossiya — 11,8 %;
- Xitoy — 6,5 %;
- Afg‘oniston — 4,5 %;
- Qozog‘iston — 4,0 %;
- Turkiya — 3,9 %;
- Fransiya — 3,1 %;
- Qirg‘iziston — 2,6 %;
- BAA — 2,1 %;
- Tojikiston — 1,5 %;
- Pokiston — 1,3 %.
Yuqoridagi mamlakatlarning ulushi umumiy eksport hajmining 41,3 % ni tashkil etdi.
Yanvar-fevral oylarida 192,9 ming tonna meva-sabzavot mahsulotlari eksport qilindi, bu 2024-yilning shu davriga nisbatan 23,1 % ga (58,0 ming tonna) kamaygan.
Mazkur davrda meva-sabzavot mahsulotlari eksporti $175,1 mlnni tashkil etdi (2024-yilning shu davriga nisbatan 16,7 % ga oshgan). Umumiy eksport hajmida meva-sabzavot mahsulotlari ulushi 3,8 % ni tashkil etdi.
Tekstil mahsulotlari eksporti $403,7 mln ni tashkil etdi, bu umumiy eksport hajmining 8,7 % ni tashkil etib, 2024-yilning shu davriga nisbatan 22,4 % ga kamaygan. Tekstil mahsulotlari tarkibida asosiy ulushni tayyor mahsulotlar (45,0 %) va pryaja (35,0 %) egalladi.
Xizmatlar eksporti 2025 yil yanvar-fevral oylari yakunlari bo‘yicha $1,17 mlrd ga yetdi (27,3 % ulush) va 2024-yilning shu davriga nisbatan 61,5 % ga oshdi.
Xizmatlar eksporti tarkibida eng katta ulushga ega bo‘lgan yo‘nalishlar:
- transport xizmatlari — 40,1 %;
- sayohat (turizm) — 39,5 %;
- telekommunikatsiya, kompyuter va axborot xizmatlari – -12,9 %, boshqa biznes xizmatlari — 3,7 %.
Shuningdek, boshqa xizmatlar tarkibida eng yirik ulush qurilish xizmatlari (1,1 %), sug‘urta va pensiya xizmatlari (0,8 %), moliyaviy xizmatlar (0,8 %) hissasiga to‘g‘ri keladi.
Import
Yanvar-fevral oylarida import hajmi $6,2 mlrd ni tashkil etdi (0,6 % ga kamaydi).
Import tarkibida asosiy ulushga ega bo‘lgan yo‘nalishlar: mashina va transport jihozlari – 36,8 %, sanoat mahsulotlari – 16,5 %, kimyoviy moddalar va shu turdagi mahsulotlar – 12,2 %.
Import hajmi 2024 yilning shu davriga nisbatan $240,8 mln ga kamayib, $5,54 mlrd ni tashkil etdi. Import xizmatlari esa $660,8 mln ni tashkil qildi.
Joriy yilning yanvar-fevral oylarida O‘zbekiston 144 ta davlatdan tovar va xizmatlar import qildi. Importning 2/3 qismini esa Xitoy (28,7 %), Rossiya (17,3 %), Qozog‘iston (7,6 %), Janubiy Koreya (4,1 %), Turkiya (3,8 %), Germaniya (3,8 %) va Hindiston (2,8 %) tashkil qildi.
Import xizmatlari hajmi 2025-yil yanvar-fevral oylarida $660,8 mln ni tashkil qilib, umumiy import hajmining 10,7 % ni egalladi va 2024 yilning shu davriga nisbatan 45,4 % ga oshdi.
Import xizmatlari tarkibida eng katta ulush quyidagi yo‘nalishlarga to‘g‘ri keldi: sayohat (turizm) – 60,3 %, transport xizmatlari – 19,5 %, telekommunikatsiya, kompyuter va axborot xizmatlari – 8,5 %, boshqa biznes xizmatlari – 5,9 %.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ