O‘zbekistonda bozor xizmatlari hajmi 406,4 trln so‘mdan oshdi
Eng yirik ulush Toshkent shahriga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, eng yuqori o‘sish sur’ati Sirdaryo viloyatida qayd etildi
Фото: Kapital.uz
2026-yil yanvar-aprel oylarida O‘zbekistonda ko‘rsatilgan bozor xizmatlari hajmi 406,4 trln so‘mni tashkil etdi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan real hisobda 16,6% ga ko‘p.
Statistika ma’lumotlariga ko‘ra, bozor xizmatlarining eng katta ulushi Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri kelib, poytaxtda 161,7 trln so‘mlik xizmatlar ko‘rsatilgan. Bu respublika bo‘yicha jami hajmning 39,8% ini tashkil etadi. Toshkent shahrida xizmatlar hajmining real o‘sishi 18,2% bo‘lgan.
Hududlar kesimida xizmatlar hajmi bo‘yicha Samarqand viloyati 30 trln so‘m bilan ikkinchi o‘rinni egalladi. Undan keyingi o‘rinlarda Toshkent viloyati (27,4 trln so‘m), Farg‘ona viloyati (27,2 trln so‘m) va Namangan viloyati (21,1 trln so‘m) qayd etildi. Eng past ko‘rsatkich Sirdaryo viloyatida kuzatilib, xizmatlar hajmi 5,6 trln so‘mni tashkil etdi.
Real o‘sish sur’atlari bo‘yicha esa Sirdaryo viloyati yetakchilik qildi. Hududda xizmatlar hajmi o‘tgan yilga nisbatan 19% ga oshgan. Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi (18,2%), Xorazm (18%), Namangan (17,7%), Surxondaryo (17,5%) va Samarqand (17,3%) viloyatlarida ham yuqori o‘sish qayd etildi.
Hisobot davrida aholi jon boshiga ko‘rsatilgan bozor xizmatlari hajmi 10,6 mln so‘mni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich 2025-yilning mos davridagi 8,8 mln so‘mga nisbatan sezilarli oshgan bo‘lib, real o‘sish sur’ati 14,5% ni tashkil etdi.
Kichik biznes subyektlari tomonidan ko‘rsatilgan xizmatlar hajmi bo‘yicha ham Toshkent shahri yetakchilik qildi. Poytaxtda ushbu ko‘rsatkich 69,1 trln so‘mga yetdi. Bunda kichik tadbirkorlikning bozor xizmatlaridagi ulushi 42,7% ni tashkil etgan.
Bozor xizmatlari o‘sishiga eng katta hissa qo‘shgan yo‘nalishlar
| Xizmat turi | O‘sish sur’ati | Umumiy o‘sishga hissasi |
|---|---|---|
| Savdo xizmatlari | 13,9% | 3,6 foiz band |
| Moliyaviy xizmatlar | 23,8% | 3,6 foiz band |
| Transport xizmatlari | 15,0% | 2,6 foiz band |
| Yashash va ovqatlanish xizmatlari | 14,0% | 2,3 foiz band |
| Aloqa va axborotlashtirish xizmatlari | 22,3% | 1,6 foiz band |
| Ta’lim xizmatlari | 22,6% | 0,8 foiz band |
| Boshqa xizmatlar | 15,3% | 0,7 foiz band |
| Ko‘chmas mulk bilan bog‘liq xizmatlar | 17,0% | 0,4 foiz band |
| Ijara xizmatlari | 17,1% | |
| Sog‘liqni saqlash xizmatlari | 15,1% | |
| Kompyuter va maishiy texnika ta’miri | 12,8% | |
| Shaxsiy xizmatlar | 10,9% | |
| Me’morchilik xizmatlari | 10,5% |
Ijara, sog‘liqni saqlash, ta’mirlash, shaxsiy va me’morchilik xizmatlari umumiy hisobda bozor xizmatlari o‘sishiga qo‘shimcha 1 foiz band ijobiy hissa qo‘shgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ