O‘zbekistoda yangi transport-logistika markazlarini barpo etish uchun $200 mln ajratiladi
Mamlakatning olti hududida infratuzilma obyektlarini qurish uchun tadbirkorlarga 300 gektar yer ajratiladi
Xonobod va Angren shaharlari, shuningdek, Yangiyo‘l, Ohangaron, Olot va Termiz tumanlarida tranzit infratuzilmasini rivojlantirish loyihalarini amalga oshirish hamda tadbirkorlarga imtiyozli kreditlar ajratish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Hozirda asosiy ombor quvvatlari poytaxt atrofida jamlangan. Shu bilan birga, yuk tashishda konteynerlardan foydalanish darajasi pastligicha qolmoqda, sohani raqamlashtirish esa takomillashtirishni talab qilmoqda. Xususan, davlat organlari va xususiy kompaniyalar ma’lumotlar bazalarining integratsiyasi yetarli darajada emas.
Vaziyatni yaxshilash maqsadida olti hududda ixtisoslashtirilgan logistika markazlarini rivojlantirish taklif etildi. Xonobod Xitoydan Yevropa, Eron va Transafg‘on yo‘nalishlari bo‘yicha asosiy tugunga aylantiriladi. Angren shahri, shuningdek, Yangiyo‘l va Ohangaron tumanlari tashqi savdo yuklarini taqsimlash bo‘yicha oraliq bazalar vazifasini bajaradi. Olot tumani O‘rta yo‘lakka, Termiz esa Pokistonga yuk yetkazib berishning asosiy darvozasiga ixtisoslashtiriladi.
Mazkur hududlarga sarmoya kiritishga tayyor tadbirkorlarga har bir zonada 50 gektardan, jami 300 gektar yer maydoni ajratiladi. Ushbu maqsadlar uchun har yili $200 mln miqdorida past foizli kredit liniyalari ochiladi. Obyektlarga tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini olib kelish xarajatlari davlat budjeti hisobidan moliyalashtiriladi.
Bundan tashqari, Qibray va Termiz tumanlarida bojxona zonalari hamda avtoturargohlar qurish, Xonobodda xalqaro temiryo‘l chegara o‘tkazish punktini ochish, Yangiyo‘ldagi temiryo‘l stansiyasini kengaytirish va Ohangaron tumanida “A” toifasidagi yirik ombor qurish masalalari ham muhokama qilindi.
IT-yechimlarga ham alohida e’tibor qaratilgan. Yangi terminallarda E-logistika platformasiga ulangan zamonaviy boshqaruv tizimlarini joriy etish, avtomobillarni onlayn monitoring qilish va elektron hisobga olish yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilmoqda. Chegara punktlarida esa “bir to‘xtash” tamoyili orqali yuklarni rasmiylashtirish jarayonini tezlashtirish ko‘zda tutilgan.
Xususiy investitsiyalarni rag‘batlantirish maqsadida ombor uskunalari va maxsus texnikani import qilishda bojxona to‘lovlarini soddalashtirish hamda majburiy sertifikatlashni bekor qilish taklif etildi. Loyihalar muhokamasi yakunida mas’ul idoralarga xalqaro transport yo‘laklarini rivojlantirishda biznes ishtiroki uchun qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Avvalroq prezident O‘zbekistonni Yevrosiyodagi yirik tranzit markaziga aylantirish bo‘yicha tashabbuslarni ko‘rib chiqqan edi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, bu har yili $600 mlngacha qo‘shimcha daromad keltirishi mumkin. Hozirda mamlakatning Xitoy va Yevropa o‘rtasidagi tovar ayirboshlashdagi ulushi 1–2% dan oshmaydi, soha rivojiga esa zamonaviy avtomatlashtirilgan omborlar yetishmasligi va bojxona postlarining o‘tkazuvchanligi pastligi to‘sqinlik qilmoqda.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ