O‘zbekistonda 2027-yildan 5 ta hududlararo sud tashkil etiladi
“Odil sudlov – 2030” strategiyasida 57 ta vazifa, 160 ta chora-tadbir va 33 ta maqsad belgilandi
Foto: Prezident matbuot xizmati
14-avgust kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev sud-huquq islohotlarining natijalari va sohadagi ustuvor vazifalarni muhokama qilish yuzasidan sud tizimi rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Unda sudlar faoliyatini 2030-yilgacha rivojlantirishga qaratilgan “Odil sudlov – 2030” strategiyasi loyihasi taqdim etildi.
Strategiya aholi takliflari, olimlar, amaliyotchi yuristlar va advokatlar bilan muloqotlar, shuningdek, xorijiy tajriba asosida ishlab chiqilgan. Unda 57 ta vazifa, 2026–2028-yillarga mo‘ljallangan Harakatlar dasturida 160 ta chora-tadbir hamda 2030-yilgacha erishilishi lozim bo‘lgan 33 ta maqsad belgilangan.
5 ta hududlararo sud tashkil etiladi
Strategiyaga ko‘ra, quyi sudlar qarorlarini qayta ko‘rib chiqish xolisligini oshirish maqsadida 2027-yil 1-iyuldan 5 ta hududlararo sud tashkil etiladi.
Viloyat sudlarida apellyatsiya va kassatsiya instansiyalari saqlab qolinadi, taftish instansiyasining vakolatlari esa hududlararo sudlarga beriladi. Bu bir sudning o‘z qarorini o‘zi qayta ko‘rib chiqishi amaliyotiga chek qo‘yishi va fuqarolarning adolat izlab poytaxtga borish zaruratini kamaytirishi ko‘zda tutilgan.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarni aholiga yaqinlashtirish maqsadida 2030-yilgacha zaruratga qarab deyarli barcha tuman va shaharlarda fuqarolik sudlari faoliyati bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yiladi.
Barcha sudlarda axborot olish, murojaat topshirish va raqamli xizmatlardan foydalanish “yagona darcha” tamoyili asosida tashkil etiladi.
Agar sudga berilgan ariza boshqa sud vakolatiga tegishli bo‘lsa, uni fuqaroga qaytarish o‘rniga sudning o‘zi tegishli sudga yuboradi. Arizada kichik kamchiliklar aniqlangan taqdirda esa sud fuqaroga ularni bartaraf etishda yordam beradi.
Tadbirkorlar uchun iqtisodiy nizolarni ko‘rib chiqish soddalashtiriladi
Iqtisodiy nizolarni tezkor hal etish uchun “iqtisodiy ishlarni proaktiv boshqarish” standarti joriy etiladi. Bu tadbirkorlarning idorama-idora sarson bo‘lishi va hujjatlarni qayta-qayta topshirishiga chek qo‘yishi kutilmoqda.
Shuningdek, inson huquqlari kafolatlarini kuchaytirish maqsadida tergov va surishtiruv bosqichlarida “asosli gumon” (prima facie) standarti joriy etiladi.
Tergov sudyasi shaxsni ushlab turishning qonuniyligi va gumon yoki ayblov uchun asoslar yetarliligini tekshirish, shuningdek, zarur qo‘shimcha hujjatlarni talab qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Sud amaliyoti ochiq bo‘ladi
Yagona sud amaliyotini ta’minlash maqsadida Oliy sud Rayosati qarorlarini qamrab oladigan ochiq “Pretsedentlar reyestri” yuritiladi.
2028-yildan sudyalarni odil sudlovga daxldor bo‘lmagan tashkiliy vazifalardan ozod etish uchun “sud ma’murchiligi” instituti joriy qilinadi.
“Raqamli sud” konsepsiyasi barcha sudlarda to‘liq ishga tushiriladi. Bunda my.sud.uz portali va uning mobil ilovasi takomillashtiriladi.
Rejaga ko‘ra, sudlarga murojaatlarning kamida 50%i elektron shaklda berilishi, sud majlislarining 100%i audioyozuv orqali qayd etilishi hamda Oliy sud axborot tizimlari foydalanuvchilari soni kamida 5 baravar oshirilishi kerak.
Bundan tashqari, mediatsiya va yarashuv mexanizmlarini kengaytirish, noqonuniy deb topilgan ma’muriy hujjatlarning ochiq reyestrini yuritish hamda “xalq vakillari hay’ati” ishtirokida ko‘riladigan jinoyat turlari sonini kamida 3 taga yetkazish rejalashtirilgan.
Taqdimot davomida sud apparati xodimlari uchun maxsus xizmat kiyimi namunasi ham ko‘rib chiqildi.
Uchrashuvda Konstitutsiyaviy sud ishlarini yuritishni takomillashtirish, sudyalar hamjamiyati organlari faoliyati samaradorligini oshirish, sud mustaqilligini mustahkamlash va tizimdagi kadrlarning xorijda malaka oshirishini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha takliflar ham muhokama qilindi.
Prezident strategiya loyihasini ma’qullab, unda nazarda tutilgan islohotlarni amalga oshirishga qaratilgan tegishli farmonni imzoladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ