Hujjat “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi qonunga tegishli o‘zgartishlar kiritadi. Hozirda normativ-huquqiy hujjatlar turlari ro‘yxatiga Konstitutsiya, qonunlar, Oliy Majlis palatalarining qarorlari, prezidentning farmon va qarorlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari, vazirlik va idoralarning buyruq hamda qarorlari, shuningdek, mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlari kiradi.

Ilgari ushbu ro‘yxatda Prezident administratsiyasi rahbarining farmoyishlari mavjud emas edi.

Endilikda qonunning 6-moddasi NHHning yangi turi — Prezident administratsiyasi rahbarining farmoyishlari bilan to‘ldirilmoqda. Ierarxiyaga ko‘ra, ular Vazirlar Mahkamasining qarorlari, vazirlik va idoralarning buyruq va qarorlari hamda mahalliy hokimiyat organlarining qarorlaridan yuqori turadi.

Bundan tashqari, qonunga bunday hujjatlarning mazmunini belgilovchi alohida 12−1-modda kiritilmoqda.

Yangi normaga ko‘ra, administratsiya rahbari Konstitutsiya va qonunlar, shuningdek, prezidentning farmonlari, qarorlari, farmoyishlari va topshiriqlari asosida — ularning ijrosini ta’minlash va administratsiya faoliyatini samarali tashkil etish uchun farmoyishlar qabul qilishi mumkin bo‘ladi.

Bunday farmoyishlar O‘zbekistonning butun hududida barcha davlat organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va mansabdor shaxslar uchun bajarilishi majburiy hisoblanadi.

Ularning asosida hokimlar va kengashlar qaror qabul qilishi mumkin bo‘ladi

Konstitutsiyaviy qonun, shuningdek, “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi qonunning mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan normativ qarorlar qabul qilinishini tartibga soluvchi 16-moddasiga ham o‘zgartish kiritmoqda.

Hozirda xalq deputatlari kengashlari va hokimlarning normativ qarorlari Konstitutsiya va qonunlar, Oliy Majlis palatalarining qarorlari, prezident va Vazirlar Mahkamasining hujjatlari, shuningdek, yuqori turuvchi mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlari asosida va ularni ijro etish yuzasidan qabul qilinadi.

O‘zgartishlar kuchga kirgach, ushbu ro‘yxatga Prezident administratsiyasi rahbarining farmoyishlari ham kiritiladi.

Bu shuni anglatadiki, bunday farmoyishlar hokimlar va mahalliy Kengashlar tomonidan qabul qilinadigan normativ qarorlar uchun huquqiy asos bo‘lib xizmat qilishi mumkin.

Bundan tashqari, qonunning 36-moddasiga kiritilgan o‘zgartishlarga ko‘ra, administratsiya rahbari farmoyishining rasmiy matnini administratsiya rahbarining o‘zi tasdiqlaydi.