Surxondaryo viloyatining elektr ta’minoti 80% ga tiklandi — Energetika vazirligi
Markaziy Osiyo energetika tizimidagi avariya sababli O‘zbekistondagi ayrim viloyatlar elektr ta’minotidan uzildi
Foto: Hududiy elektr tarmoqlari
Surxondaryo viloyati va O‘zbekistonning ayrim hududlarida 14-avgust kuni elektr ta’minotida uzilishlar kuzatildi. Mutaxassislar elektr ta’minotini bosqichma-bosqich tiklash ishlarini olib bormoqda.
“O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” dispetcherlik xizmatlari ma’lumotiga ko‘ra, yagona energetika tizimida bir necha pog‘onali avariyaga qarshi avtomatika tizimi ishga tushishi oqibatida mamlakatning ayrim hududlarida favqulodda o‘chishlar yuzaga kelgan.
Hozirda mutaxassislar nosozlik sabablarini aniqlash va uning oqibatlarini bartaraf etish ustida ishlamoqda. Tarmoqlarga navbatma-navbat kuchlanish berish ishlari amalga oshirilmoqda.
Energetika vazirligi xabar berishicha, qo‘shni mamlakat energetika tizimida yuz bergan avariya Markaziy Osiyo energetika tizimiga ta’sir ko‘rsatgan. Natijada Surxondaryo va boshqa ayrim viloyatlarda elektr ta’minotida uzilishlar kuzatilgan.
Toshkent vaqti bilan soat 4:32 holatiga ko‘ra, Surxondaryo viloyatining elektr ta’minoti 80% ga tiklandi. Hozirda qolgan hududlarda ham elektr ta’minotini to‘liq tiklash ishlari olib borilmoqda.
Shuningdek, Bishkek, Olmaota va Dushanbe shaharlarida ham elektr energiyasi ta’minotida uzilishlar qayd etilgani xabar qilindi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ