O‘zbekistonda 14 ta tumanda energiya ta’minotini yaxshilash bo‘yicha 5 yillik dastur ishlab chiqildi
Dastur doirasida 721 ta mahallada 2 261 ta transformator va 7 449 km elektr tarmog‘ini yangilash rejalashtirilgan
Foto: Prezident matbuot xizmati
13-avgust kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevga hududlarda iste’molchilarni yoqilg‘i-energetika resurslari bilan barqaror ta’minlash, energiya samaradorligini oshirish hamda tarmoqlardagi yo‘qotishlarni kamaytirish bo‘yicha “Yangiyo‘l tajribasi” asosida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan axborot berildi.
Avvalroq ushbu tajriba asosida har bir hududdan bittadan tanlab olingan 14 ta tumanda namunaviy tizim yaratish vazifasi belgilangan edi. Shu maqsadda ishlar “mahallabay” tamoyili asosida tashkil etilib, energetika sohasidagi muammolar joyiga chiqqan holda o‘rganildi.
Loyiha doirasida 916 ta mahalla, 832 mingta xonadon, 49 mingta tadbirkorlik subyekti va 2,2 mingdan ortiq ijtimoiy soha obyekti qamrab olindi. Har bir mahalla bo‘yicha energetik pasport va energiya resurslariga talab balansi shakllantirildi.
O‘rganishlar natijasida 265 ta mahallada 60 MVt elektr quvvati, 42 ta mahallada esa yiliga 47 mln kub metr tabiiy gaz taqchilligi mavjudligi aniqlandi. Shu bilan birga, 207 ta mahallada energiya quvvati zaxirasi borligi qayd etildi.
Elektr va gaz tarmoqlarining texnik holati ham o‘rganildi. 14 ta tumanda 5 695 ta transformator, 6,9 ming km elektr tarmog‘i, 242 km gaz tarmog‘i va 404 ta gaz taqsimlash qurilmasi ta’mirtalab ekani aniqlangan.
Hozirgacha 441 ta transformator, 1 134 km elektr tarmog‘i, 88 km gaz tarmog‘i va 92 ta gaz taqsimlash qurilmasi ta’mirlandi. Avvalgi investitsiya dasturlari doirasida boshlangan, biroq yakunlanmagan ayrim obyektlar ham foydalanishga topshirildi.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, kelgusi besh yilda ushbu tumanlarda energiya resurslariga talab 49% ga oshishi kutilmoqda. Shu sababli aholi va tadbirkorlarni energiya bilan barqaror ta’minlashga qaratilgan besh yillik dastur ishlab chiqildi.
Dastur doirasida 721 ta mahallada 2 261 ta transformator va 7 449 km elektr tarmog‘ini, shuningdek, 200 ta mahallada 313 ta gaz taqsimlash qurilmasi va 327 km gaz tarmog‘ini yangilash belgilangan.
Mazkur ishlar natijasida hududlarda qo‘shimcha 1 300 MVt o‘tkazuvchanlik quvvati yaratilishi kutilmoqda.
Ijtimoiy soha obyektlarining energiya samaradorligi ham tahlil qilindi. Jami 1 938 ta obyekt o‘rganilib, samaradorligi past bo‘lgan 226 tasi “qizil” toifaga kiritildi. Ularni energiya samarador tizimga o‘tkazish bo‘yicha dastur ishlab chiqildi.
Natijada yiliga 4,3 mln kVt/soat elektr energiyasi va 2,1 mln kub metr tabiiy gazni tejash imkoniyati yaratiladi.
Prezident “Yangiyo‘l tajribasi”ni 14 ta tuman bilan cheklab qolmasdan, respublikaning barcha tumanlarida joriy etish zarurligini ta’kidladi. Bunda ishlarni “mahallabay” tashkil etish, energetik pasport va energiya iste’moli balansini shakllantirish hamda tarmoqlardagi muammolarni manzilli aniqlab, bosqichma-bosqich bartaraf etish topshirildi.
Yig‘ilishda, shuningdek, Samarqand viloyati hududiy elektr tarmoqlari boshqaruvini xorijiy investorlarga berish hamda “Surxon – Puli-Xumri” yuqori kuchlanishli tarmog‘ini barpo etish loyihalarini jadallashtirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ