Toshkentda ommaviy baholash yakunlariga ko‘ra kvartiralarning kadastr qiymati 7,4 barobarga oshdi

Poytaxtdagi xususiy uy-joylarning umumiy qiymati yer uchastkalarining yagona reyestrlarga kiritilishi hisobiga 15 barobarga yaqin oshib, 587 trln so‘mga yetdi

Toshkentda ommaviy baholash yakunlariga ko‘ra kvartiralarning kadastr qiymati 7,4 barobarga oshdi

O‘zbekistonda ko‘chmas mulk obyektlarini ommaviy baholash bo‘yicha pilot loyihaning birinchi bosqichi Toshkent shahrida yakunlandi. Natijada poytaxtdagi uy-joylarning umumiy kadastr qiymati bir necha barobarga oshdi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligining ochiq muloqoti davomida ma’lum qilindi, deya Kapital.uz muxbiri xabar berdi.

Hozirda O‘zbekiston hududida 9 mlndan ortiq turar joy va noturar bino-inshootlar hamda qariyb 8 mlnta yer uchastkasi mavjud. Amaldagi kadastr qiymati so‘nggi yillarda yuz bergan o‘zgarishlar, hududlar o‘rtasidagi tafovutlar va obyektlarning haqiqiy bozor qiymatini to‘liq aks ettirmayapti.

Birinchi tajriba bosqichi 2025–2026-yillarda Toshkent shahrida o‘tkazildi. Ishlarni Kadastr agentligi huzuridagi Ko‘chmas mulkni ommaviy baholash milliy markazi amalga oshirdi. Mutaxassislar bozordagi takliflar, rieltorlik agentliklari ma’lumotlari va notarial tasdiqlangan bitimlarni tahlil qilib, shaharni narx zonalariga ajratdi va individual hisob-kitob modellarini shakllantirdi.

Tadqiqot davomida 600 mingdan ortiq kvartira qayta baholandi. Ularning avvalgi kadastr qiymati 57,7 trln so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, yangi hisob-kitoblarga ko‘ra bu ko‘rsatkich 426,7 trln so‘mga yetdi. Shunday qilib, kvartiralarning umumiy kadastr qiymati qariyb 7,4 barobarga oshgan.

Shuningdek, 213 mingdan ortiq xususiy uy-joy ham tahlildan o‘tkazildi. Ularning umumiy qiymati 39 trln so‘mdan 587 trln so‘mgacha oshib, qariyb 15 barobar ko‘paydi. Bunday katta tafovutning asosiy sabablaridan biri avval xususiy uy ostidagi yer uchastkasining qiymati to‘liq hisobga olinmagani bo‘lgan. Endilikda bino va uning ostidagi yer yagona kompleks obyekt sifatida baholanadi.

Hisob-kitoblar shahar bo‘ylab narxlar sezilarli darajada farq qilishini ko‘rsatdi. Kvartiralar segmentida 1 kvadrat metrning qiymati 4,6 mln so‘mdan 36 mln so‘mgacha bo‘lgan. Xususiy uy-joylar segmentida esa 1 sotix yerning narxi 115 mln so‘mdan 888 mln so‘mgacha baholangan.

Yakuniy qiymatga obyektning joylashuvi, yer va bino maydoni, qurilgan yili, qavatlar soni, devor materiallari, shuningdek, transport tugunlari va ijtimoiy infratuzilma obyektlariga yaqinligi ta’sir qilgan.

Ommaviy baholashning dastlabki natijalari 60 kun davomida jamoatchilik muhokamasida bo‘ladi. Har bir mulk egasining telefon raqamiga yangi ma’lumotlar ko‘rsatilgan SMS-xabarnoma yuboriladi. Fuqarolar hisob-kitoblarni ko‘rib chiqish, xatolar aniqlangan taqdirda ularni tuzatishni so‘rash yoki natijalarni mustaqil baholash tashkilotini jalb qilgan holda qayta ko‘rib chiqishni talab qilish huquqiga ega.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, kadastr qiymati xususiy bitimlar tuzilganda obyektning kelgusidagi sotuv narxini belgilamaydi. Yangi tizimning asosiy maqsadi — bozor sharoitlariga yaqin bo‘lgan yagona mezonni shakllantirish, obyektlarni taqqoslash, ipoteka bozorini rivojlantirish va infratuzilmaga davlat investitsiyalarini rejalashtirish uchun asos yaratish.

Tizimni mamlakat bo‘ylab joriy etish bir necha bosqichda amalga oshiriladi:

  • 2025–2026-yillar — Toshkent shahrida joriy etish;
  • 2026–2027-yillar — Nukus shahri va viloyat markazlarida joriy etish;
  • 2027-yildan — tizimni mamlakatning qolgan hududlariga joriy etish.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

O‘zbekistonda tadbirkorlarga ayrim faoliyatlarni 3 oy litsenziyasiz amalga oshirishga ruxsat berildi
/
O‘zbekistonda tadbirkorlarga ayrim faoliyatlarni 3 oy litsenziyasiz amalga oshirishga ruxsat berildi
Centrum ta’sischisi, shuningdek, Uzum va Yandex Uzbekistan bosh direktorlari davlat mukofotlari bilan taqdirlandi
/
Centrum ta’sischisi, shuningdek, Uzum va Yandex Uzbekistan bosh direktorlari davlat mukofotlari bilan taqdirlandi
Tadbirkorlarning 73%i majburiy ijrodagi byurokratiya biznesga salbiy ta’sir qilayotganini bildirgan
/
Tadbirkorlarning 73%i majburiy ijrodagi byurokratiya biznesga salbiy ta’sir qilayotganini bildirgan