Japarov: Xitoy—Qirg‘iziston—O‘zbekiston temiryo‘li yiliga $500 mln daromad keltirishi mumkin
Shuningdek, Qirg‘iziston prezidenti, Rossiya dastlab loyihani qo‘llab-quvvatlamaganini ma’lum qildi
Foto: Mediahub
Rossiya prezidenti Vladimir Putin Xitoy—Qirg‘iziston—O‘zbekiston temiryo‘l loyihasiga qarshi bo‘lgan. Bu haqda Qirg‘iziston rahbari mahalliy jurnalist bilan intervyusi davomida ma’lum qildi.
Sadir Japarovning so‘zlariga ko‘ra, u prezident lavozimiga kirishgan 2020-yili Xitoyning o‘sha vaqtdagi elchisini chaqirib, Xitoy—Qirg‘iziston—O‘zbekiston temiryo‘lini qurish masalasini muhokama qilgan. Qirg‘izistonliklar yetakchisi loyihani boshlash, uning texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish, moliyalashtirish shartlarini belgilash va O‘zbekiston bilan muzokaralar olib borish taklifini bildirgan. Biroq xitoylik diplomat buning uchun har uchala davlat ko‘rsatgan irodaning o‘zi yetarli emasligini ta’kidlagan.
Elchiga kofe quyib berdim. Ikkimiz gaplashib oʻtirdik. Unga Xitoy—Qirgʻiziston—Oʻzbekiston temiryoʻlini boshlashimizni aytdim. Boshlaylik, sizlar mutaxassislarni olib kelinglar, texnik-iqtisodiy asoslarini qilaylik, kim qancha pul kiritishini va shartlarni kelishaylik, dedim. O‘zbekiston bilan gaplashaylik, dedim. U esa ochiqchasiga “Siz boshlay olasizmi?”, deb so‘radi. Nega boshlay olmayman? U mening hududimdan o‘tsa, Qirgʻiziston hududiga oʻzim javob bersam, deb aytdim, degan Japarov.
Oradan ko‘p o‘tmay Japarov bu masalani Rossiya prezidenti bilan uchrashib, yuzma-yuz muhokama qilmoqchi bo‘lgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Vladimir Putin uchrashuvga tezda rozi bo‘lgan.
Vladimir Vladimirovich ikkimiz yuzma-yuz oʻtirib, 35-40 daqiqa gaplashdik. Faqat shu mavzuda. Juda qattiq muhokama qildik. Oxir-oqibat men uni ishontirdim. Xitoyning pozitsiyasi ham toʻgʻri. Boisi ular gigant mamlakatlar-da. Dunyodaning uch mamlakati derjava boʻlsa, biri Xitoy, biri Rossiya, biri Amerikadir. Ular bir-biri bilan hisoblashib turmasa ham boʻlmaydi-da, deydi Japarov.
Yarim soat oʻtirib, uni ishontirdim. Biz dengizlarga chiqish imkoniyatidan mahrum oʻlkada yashayotganimizni, shuning uchun hozir qiynalayotganimizni aytdim. Temiryo‘l qurilsa, sal kengroq nafas olishimizni, bu loyiha bizga suv va havodek zarur bo‘layotganini ta’kidladim va rozi qildim.
“Bu shunchaki temiryo‘l emas”
Qirg‘iziston rahbari loyihaning ahamiyati oddiy temiryo‘l qurilishi bilangina o‘lchanmasligini ta’kidladi. Uning fikricha, Xitoy—Qirg‘iziston—O‘zbekiston temiryo‘li mamlakat uchun yangi iqtisodiy imkoniyatlarni ochib, mamlakatning tranzit salohiyatini keskin oshirishi mumkin.
Japarov, shuningdek, loyihani “Yangi Buyuk Ipak yo‘li” deb atash kerakligini qayd etdi.
Biz bu yo‘lni shunchaki Xitoy—Qirg‘iziston—O‘zbekiston temiryo‘li demasligimiz kerak. Uni Ipak yo‘li deyishimiz kerak, Buyuk Ipak yo‘li. Yangilangan Buyuk Ipak yo‘li deb atasak bo‘ladi, dedi u.
Qirg‘iziston rahbarining qo‘shimcha qilishicha, loyihadan asosiy manfaatdor tomon Xitoyning o‘zi emas, balki Qirg‘iziston bo‘ladi. Japarov temiryo‘l qurib bitkazilgach, “Chin yurti” kompaniyalari mamlakatda doimiy qolib ketmasligini ham alohida ta’kidladi.
Japarov bunga javoban temiryo‘lni mamlakatning xomashyo resurslariga muqobil daromad manbalaridan biri sifatida ko‘rsatdi. Uning aytishicha, Qumtor oltin koni, temir va ko‘mir kabi yerosti resurslari tugaganidan keyin tranzit yo‘nalishi Qirg‘iziston uchun muhim daromad manbasiga aylanishi mumkin.
Mana shu loyiha Qumtorning biri bo‘ladi. Tranzitdan daromad keladi. Bu yo‘ldan yuklar o‘tganda biz pul olamiz. Byudjetimizga yo‘q deganda $400–$500 mln toza daromad tushadi, dedi Japarov.
Uning fikricha, temiryo‘l orqali tranzitdan olinadigan daromad keyinchalik turizm bilan bir qatorda Qirg‘iziston iqtisodiyotining muhim tarmoqlaridan biriga aylanishi mumkin.
Xitoy, Qirg‘iziston va O‘zbekistonni temiryo‘li qurilishiga joriy yilning iyun oyida start berildi va 2030-yilda foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.
Kelishuvga ko‘ra, temiryo‘lning 51% ulushi Xitoy, 24,5%i — Qirg‘iziston, 24,5%i — O‘zbekistonga tegishli bo‘ladi. Jami uzunligi 454 kilometrga yetadigan relslarning 311 kilometrli qismi Qirg‘iziston hududiga yotqiziladi. Qolgani esa Xitoyda quriladi. O‘zbekistonda esa tayyor infratuzilma mavjudligi bois bunga ehtiyoj yo‘q.
Temiryo‘l Xitoyning Shinjon-Uyg‘ur avtonom viloyatidagi Qoshg‘ar shahridan boshlanib, Qirg‘iziston orqali O‘zbekistonning Andijon viloyati hududigacha kelishi rejalashtirilgan. Loyihaning umumiy qiymati haqida turlicha raqamlar mavjud. Eng keng tarqalgan versiyaga ko‘ra, gap $4,7 mlrd haqida ketmoqda.
Shuning yarmi, yaʼni $2,35 mlrd ishtirokchi davlatlar tomonidan loyihadagi ulushlarga muvofiq taqsimlanadi. Xususan, Xitoy — $1,18 mlrd, Qirg‘iziston va O‘zbekiston har biri $573 mlndan sarmoya kiritishi lozim. Qolgan $2,35 mlrdni esa Xitoy kredit sifatida ajratishi ko‘zda tutilgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ