Xitoy—Qirg‘iziston—O‘zbekiston temiryo‘lida 9 kilometrdan ortiq tunnel qazildi

Loyiha doirasida 29 ta tunnel, 50 ta ko‘prik va 19 ta stansiya qurilishi rejalashtirilgan va u 2030-yilda ishga tushiriladi

Xitoy—Qirg‘iziston—O‘zbekiston temiryo‘lida 9 kilometrdan ortiq tunnel qazildi

Qurilishiga 2024-yil dekabr oyida start berilgan Xitoy—Qirg‘iziston—O‘zbekiston temiryo‘li loyihasi doirasida 25 ta tunnelda 9 kilometrdan ortiq qazish ishlari bajarildi. Bu haqda transport vaziri Ilhom Mahkamov 3-iyun kuni parlamentga taqdim etgan axborotida ma’lum qildi.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, hozirda qurilish maydonlarida 5 883 ta maxsus texnika va 9 ming nafardan ortiq ishchi faoliyat yuritmoqda.

Shuningdek, loyiha doirasida rejalashtirilgan 33 ta ko‘prikdan sakkiztasida qurilish ishlari boshlangan. Bu umumiy ko‘rsatkichning 24% iga teng bo‘lib, ayni paytda obyektlarda xandaq qazish va poydevor tayyorlash ishlari olib borilmoqda.

Ilhom Mahkamov temiryo‘l bo‘ylab 19 ta stansiya, jumladan, ikkita chegara stansiyasi va bitta yuk ortish-tushirish stansiyasi barpo etilishi ko‘zda tutilganini qayd etdi. Bundan tashqari, loyiha tarkibida 29 ta tunnel va 50 ta ko‘prik qurilishi rejalashtirilgan.

Ma’lum qilinishicha, Qirg‘izistonda Xitoy, Qirg‘iziston va O‘zbekiston ulushlari asosida tashkil etilgan “Xitoy—Qirg‘iziston—O‘zbekiston temiryo‘li” kompaniyasi faoliyat yuritmoqda. Strategik ahamiyatga ega loyiha 2030-yil yakuniga qadar to‘liq qurib bitkazilishi rejalashtirilgan.

Temiryo‘l to‘liq quvvatda ishga tushgach, yuk tashish hajmi yiliga 15 mln tonnagacha yetishi, shuningdek, tovarlarni yetkazib berish muddati o‘rtacha yetti kunga qisqarishi kutilmoqda.

Bundan tashqari, Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi raisi o‘rinbosari Erlis Akunbekov Xitoy — Qirg‘iziston — O‘zbekiston xalqaro temiryo‘li qurilishi jarayoni bilan tanishib, loyiha ijrosiga bag‘ishlangan sayyor yig‘ilish o‘tkazdi.

Yig‘ilishda davlat organlari, mahalliy hokimiyat vakillari hamda “Xitoy — Qirg‘iziston — O‘zbekiston temiryo‘li” qo‘shma kompaniyasi mutasaddilari bo‘lajak temiryo‘l magistrali hududida joylashgan uy-joy egalari uchun kompensatsiya to‘lovlari va yer uchastkalarini ajratish masalalarini muhokama qildi.

Loyihaning Qirg‘iziston hududidan o‘tuvchi qismi umumiy hisobda 304 kilometrdan ortiqni tashkil etadi. Temiryo‘l qurilishining qiymati $4,7 mlrdga baholangan.

Mazkur loyiha muhandislik yechimlari nuqtayi nazaridan mintaqadagi eng murakkab infratuzilma obyektlaridan biri hisoblanadi. Qurilish doirasida 50 ta ko‘prik va umumiy uzunligi qariyb 120 kilometr bo‘lgan 29 ta tunnel barpo etilishi rejalashtirilgan. Natijada temiryo‘l liniyasining qariyb 40%i tunnel va ko‘priklar orqali o‘tadi.

Loyiha amalga oshirilishi Markaziy Osiyo davlatlari va Xitoy o‘rtasidagi transport hamda savdo aloqalarini sezilarli darajada kengaytirishi, shuningdek, mintaqaning tranzit salohiyatini oshirishi kutilmoqda.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

O‘zbekistonda yengil avtomobillar ishlab chiqarish to‘rt oyda 10% ga oshdi
/
O‘zbekistonda yengil avtomobillar ishlab chiqarish to‘rt oyda 10% ga oshdi
O‘zbekistonda avtomobil importiga qo‘yilgan cheklov bekor qilindi
/
O‘zbekistonda avtomobil importiga qo‘yilgan cheklov bekor qilindi
O‘zbekiston va Rossiya neft mahsulotlari yetkazib berish masalasini muhokama qildi
/
O‘zbekiston va Rossiya neft mahsulotlari yetkazib berish masalasini muhokama qildi