O‘zbekistonda xorijiy investorlar uchun yerdan foydalanish muddati 25 yildan 49 yilgacha uzaytiriladi
Shuningdek, chet el investorlari ulushi 15% dan 10% gacha kamaytirilmoqda
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
Joriy yilning 23-yanvar kuni Oliy Majlis Senatining uchinchi yalpi majlisida yangi tahrirdagi “Investitsiyalar va investitsiya faoliyati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni loyihasi ko‘rib chiqilib, Senatorlar tomonidan bir ovozdan ma’qullandi.
Ma’qullangan Qonun loyihasi 6 bob va 37 moddadan iborat. U Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasi mutaxassislari bilan hamkorlikda ishlab chiqildi.
Hujjat investitsiya qonunchiligining xalqaro standartlarga, shu jumladan, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Savdo va taraqqiyot bo‘yicha konferensiyasi (YUNCTAD) va Jahon savdo tashkiloti (JST) qoidalariga muvofiqligini ta’minlaydi.
Xorijiy investorlar uchun yerdan foydalanish huquqining amal qilish muddati 25 yildan 49 yilgacha uzaytirilmoqda.
Bundan tashqari:
- “Investitsiya faoliyati” tushunchasida investorning tavakkalchilikka asoslangan, uzoq muddat davomida bo‘lishi va mahalliy iqtisodiyotga foyda (ijobiy natija) olib kelishga qaratilganligi borasidagi xalqaro tan olingan “Salini” tamoyili aks ettirilmoqda;
- Investorning masʼuliyatli biznes yuritishni targ‘ib qilish (RBC) tamoyillari belgilanmoqda;
- JSTning xorijiy investorlar uchun “milliy rejim” joriy etilishi bo‘yicha talabi qonunda qanoatlantirilmoqda;
- investitsiya faoliyatiga xos bo‘lmagan munosabatlar Qonunning tartibga solish predmetidan chiqarib tashlanmoqda;
- Qonundagi asosiy tushuncha va atamalar xalqaro normalar va zamonaviy talablarga muvofiqlashtirilishi orqali qonunchilik va amaliyotdagi noaniqliklar bartaraf etilmoqda. Shu tariqa, “Investitsiya”, “investitsiya loyihasi”, “investor”, “mahalliy investor”, “xorijiy investor” va “to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar” tushunchalarining taʼriflari qayta ko‘rib chiqilib, “investitsiya bitimi”, «investitsiyaviy nizo», «yakka tartibdagi investitsiya faoliyati», «yagona darcha» kabi yangi tushunchalar kiritilmoqda.
Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligiga kelib tushgan investorlarning murojaatlari tahlili asosida bozorga kirish kafolatlari hamda Investitsiya faoliyatini asossiz tekshirishlardan himoyalash kafolatlari belgilanmoqda.
Investitsiya loyihalarining klassifikatsiyasi qonun darajasida belgilanmoqda: ustuvor kichik investitsiya loyihasi ($3 mlngacha), ustuvor o‘rta investitsiya loyihasi ($10 mlngacha), ustuvor yirik investitsiya loyihasi ($100 mlngacha), ustuvor strategik investitsiya loyihasi ($100 mlndan yuqori) (6-modda).
Qonun loyihasi bilan investor va davlat organlari o‘rtasidagi barcha munosabatlar “Yagona darcha” tamoyili asosida tashkil etilmoqda, investorlarni birlamchi va ikkilamchi qo‘llab-quvvatlash tizimi joriy qilinadi.
Bundan tashqari, xorijiy investorlar uchun yerdan foydalanish huquqining amal qilish muddati 25 yildan 49 yilgacha uzaytirilmoqda.
Chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonada xorijiy investorlar ulushi bo‘yicha talab 15% dan 10% gacha tushirilmoqda. Mahalliy va xorijiy investorlarga teng bo‘lgan imtiyozlar taqdim etilmoqda. Bu o‘z navbatida JST eng muhim talablaridan biri hisoblanadi.
Hozirda Senat tomonidan ma’qullangan qonun loyihasi reglamentga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga imzolash uchun kiritilgan.
Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan boshlab uch oy o‘tgach kuchga kirishi nazarda tutilmoqda.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ