O‘zbekiston qurilish materiallari sanoatiga $11 mlrd investitsiya jalb qiladi

Korxonalarga xalqaro sifat sertifikatlarini olish xarajatlari esa davlat hisobidan moliyalashtiriladi

O‘zbekiston qurilish materiallari sanoatiga $11 mlrd investitsiya jalb qiladi

O‘zbekistonda qurilish materiallari eksportini Markaziy Osiyo davlatlariga kengaytirish hamda xorijda namunaviy energiya tejamkor uylar qurish bo‘yicha yangi choralar joriy etiladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, eksport salohiyatini oshirish uchun yangi yondashuvlar qo‘llanadi. Qo‘shni mamlakatlar har yili $13 mlrdlik qurilish materiallarini import qiladi. Mahalliy ishlab chiqaruvchilar esa Markaziy Osiyo bozorlariga yetkazib berish hajmini qo‘shimcha $440 mlnga oshirish imkoniyatiga ega.

Shu munosabat bilan soha rahbariyatiga Boku, Tbilisi, Moskva, Astana va Bishkek shaharlarida 3−4 ta namunaviy energiya tejamkor uy qurish topshirildi. Mazkur loyihalar mahalliy qurilish materiallarini targ‘ib qilish bilan birga, O‘zbekistonning elektrotexnika, to‘qimachilik va mebel mahsulotlari uchun ham yangi bozorlar ochishi kutilmoqda.

So‘nggi o‘n yilda qurilish sanoati korxonalarida shartli yoqilg‘i sarfi ikki barobarga qisqargan. O‘tgan yili 34 ta yirik zavodda o‘tkazilgan energiya auditi natijasida 240 mln kVt-soat elektr energiyasi tejalgan.

Energiya samaradorligini yanada oshirish maqsadida hududlarda korxonalarni texnologik modernizatsiya qilish dasturi amalga oshiriladi. Eskirgan uskunalarni energiya tejamkor texnologiyalar bilan almashtirayotgan korxonalarga milliy valyutadagi kreditlar bo‘yicha 7%, xorijiy valyutadagi kreditlar bo‘yicha esa 4% xarajatlar kompensatsiya qilinadi.

Joriy yilda yana 38 ta yirik korxonada yangi texnologiyalar joriy etilib, qo‘shimcha 400 mln kVt-soat elektr energiyasi tejalishi rejalashtirilgan.

Ma’lum qilinishicha, sement, bazalt, shisha va keramika ishlab chiqarish quvvatlari mamlakat ichki ehtiyojini 2035-yilgacha to‘liq qoplash imkoniga ega. Shu sababli investitsiyalar yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishga yo‘naltiriladi.

Xususan, Forishdagi korxona huzurida bazalt tolasi o‘rniga bir tonnasi $900 ga baholanadigan bazalt matosi ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilmoqda. Bundan tashqari, faoliyati sust bo‘lgan 17 ta sement zavodini maxsus turdagi sement ishlab chiqarishga ixtisoslashtirish rejalashtirilgan.

Yil yakunigacha to‘liq quvvat bilan ishlamayotgan 50 ta korxonaga investorlar jalb qilinadi.

Eksportni qo‘llab-quvvatlash maqsadida sertifikatlangan qurilish materiallarining yagona elektron platformasi yaratiladi. Joriy yilda kamida 50 ta korxonaga xalqaro sifat sertifikatlarini olishda ko‘mak beriladi, barcha xarajatlar esa davlat tomonidan qoplanadi.

Belgilangan vazifalar natijasida joriy yilda umumiy qiymati $11 mlrdlik 900 dan ortiq yangi loyihani amalga oshirish rejalashtirilmoqda. Jumladan, qiymati $3,2 mlrdlik 622 ta loyiha ishga tushiriladi, 21 mingta yangi ish o‘rni yaratiladi.

Shuningdek, qurilish materiallari ishlab chiqarish hajmini 65 trln so‘mga, mahalliylashtirilgan mahsulotlar hajmini 7,5 trln so‘mga yetkazish hamda eksportni $1,5 mlrdga oshirish ko‘zda tutilgan.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Qurilish materiallari ishlab chiqaruvchilar yirik infratuzilma loyihalari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘lanadi
/
Qurilish materiallari ishlab chiqaruvchilar yirik infratuzilma loyihalari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘lanadi
“Kafolat” aksiyalari yana “Toshkent” fond birjasida savdoga chiqariladi
/
“Kafolat” aksiyalari yana “Toshkent” fond birjasida savdoga chiqariladi
ILMA Unex Payments’ga kriptodo‘kon faoliyati uchun litsenziya berdi
/
ILMA Unex Payments’ga kriptodo‘kon faoliyati uchun litsenziya berdi