O‘zbekiston so‘nggi besh yilda energetika sohasiga $19 mlrddan ortiq investitsiya jalb qildi
Bu davrda mamlakatda 17 gigavattdan ortiq yangi quvvatlar ishga tushirildi
So‘nggi besh yil ichida O‘zbekiston energetika sohasiga $19 mlrddan ortiq investitsiya jalb qildi va 17 gigavattdan ziyod yangi generatsiya quvvatlarini ishga tushirdi. Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirining o‘rinbosari Xurram Teshaboyev Yevroosiyo taraqqiyot banki (YOTB) xalqaro iqtisodiy forumida ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, sohani rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari qayta tiklanuvchi energiya manbalari, energiya saqlash tizimlari hamda elektr tarmoqlari infratuzilmasini modernizatsiya qilishdan iborat.
Teshaboyev eng yirik mintaqaviy loyihalardan biri sifatida Qambarota GES qurilishini tilga oldi. Mazkur loyiha Qirg‘iziston va Qozog‘iston bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda. Loyiha xalqaro moliyalashtirish uchun ochiq bo‘lib, mintaqaning energetik xavfsizligini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
O‘zbekiston raqamli iqtisodiyot va sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirishga ham alohida e’tibor qaratmoqda. Mamlakat sun’iy intellektni rivojlantirish bo‘yicha milliy strategiya doirasida raqamli infratuzilma, ma’lumotlar markazlari (data-markazlar) va texnologik platformalarga investitsiyalarni jalb qilmoqda.
Vazir o‘rinbosarining ta’kidlashicha, transchegaraviy elektron savdo loyihalari, shuningdek, sun’iy intellekt va blokcheyn texnologiyalariga asoslangan yechimlarni joriy etish ham katta salohiyatga ega.
Teshaboyev Yevroosiyo mintaqasining kelgusi iqtisodiy o‘sishi ko‘p jihatdan qo‘shma investitsiya loyihalari va mintaqaviy hamkorlikni kengaytirishga bog‘liqligini ta’kidladi.
Forum davomida Markaziy Osiyo davlatlari va Xitoy o‘rtasidagi o‘zaro savdo hajmi 2025-yilda qariyb $68 mlrdga yetgani ham qayd etildi. Shu bilan birga, mintaqaning Xitoy bilan savdo aylanmasida katta ulush O‘zbekistonga to‘g‘ri kelib, u 23%ni tashkil etadi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ