O‘zbekiston bank tizimining sof foydasi 8,5 trln so‘mdan oshdi
Yil boshidan buyon foizli daromadlar 59,3 trln so‘mga yetdi, banklarning kapital rentabelligi esa 14,5% ni tashkil etdi
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
O‘zbekiston bank tizimi 2026-yilning 1-iyun holatiga 8,46 trln so‘m sof foyda qayd etdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davridagi 5,08 trln so‘mga nisbatan 66,7% ga oshgan.
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, hisobot davrida bank tizimining foizli daromadlari 59,3 trln so‘mni tashkil etgan. Bu 2025-yilning mos davridagi 49,7 trln so‘mga nisbatan qariyb 19,4% ga ko‘pdir.
Foizli xarajatlar esa 42,6 trln so‘mga yetgan. Natijada banklarning foizli marjasi 16,7 trln so‘mni tashkil qilgan.
Shuningdek, foizsiz daromadlar hajmi 42,8 trln so‘mga yetib, bir yil avvalgiga nisbatan sezilarli oshgan. Foizsiz xarajatlar 13,3 trln so‘mni, operatsion xarajatlar esa 13,7 trln so‘mni tashkil etgan.
Hisobot davrida kredit va lizing operatsiyalari bo‘yicha ehtimoliy zararlarni qoplash uchun 17,1 trln so‘m, boshqa aktivlar bo‘yicha esa 5,8 trln so‘m miqdorida zaxiralar shakllantirilgan.
Natijada bank tizimining soliq to‘langunga qadar sof foydasi 9,63 trln so‘mga yetgan. Foyda solig‘i xarajatlari chegirilgach, sof foyda 8,46 trln so‘mni tashkil qilgan.
Daromadlilik ko‘rsatkichlari ham yaxshilangan. Xususan, bank tizimining aktivlar rentabelligi (ROA) 1,89% dan 2,44% ga, kapital rentabelligi (ROE) esa 10,26% dan 14,48% ga oshgan.
Shu bilan birga, sof foizli marjaning aktivlarga nisbati 4,54% dan 4,23% ga, sof foizli daromadlarning majburiyatlarga nisbati esa 5,11% dan 4,79% ga pasaygan. Bu banklar xarajatlarining o‘sishi va resurslar qiymatining qimmatlashishi bilan izohlanishi mumkin.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ