Qurilish materiallari ishlab chiqaruvchilar yirik infratuzilma loyihalari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘lanadi
Sohani rivojlantirish uchun hududlarga ilmiy-tahliliy markazlar va oliy ta’lim muassasalari biriktiriladi
Фото: пресс-служба президента
O‘zbekistonda mahalliy qurilish materiallari ishlab chiqaruvchilarini yirik infratuzilma loyihalari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlikka jalb etish tizimi joriy etiladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, V Toshkent xalqaro investitsiya forumida xorijiy hamkorlar bilan umumiy qiymati $43 mlrdlik 177 ta bitim imzolangan. Davlat rahbari ushbu kelishuvlar amaliy loyihalarga, yangi ish o‘rinlariga va yuqori qo‘shilgan qiymat yaratishga xizmat qilishi kerakligini ta’kidladi. Mas’ul idoralarga xorijiy investorlar tomonidan ilgari surilgan 120 ta tashabbus bo‘yicha yechimlar ishlab chiqish topshirildi.
Shuningdek, hokimlarga hududlarning investitsion salohiyatini chuqur tahlil qilish va iqtisodiy samaradorlikni oshirish vazifasi yuklatildi. Shu maqsadda iqtisodiyotning 12 ta tarmog‘iga 14 ta tahliliy markaz hamda 37 ta ilmiy institut va oliy ta’lim muassasasi biriktirilgan.
Qurilish materiallari sanoati uchun Makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti, Raqobatni rivojlantirish qo‘mitasi, Materialshunoslik instituti hamda Toshkent arxitektura-qurilish universiteti mas’ul etib belgilangan. Ular xomashyo talabi, texnologiyalar tanlovi, hududiy loyihalarni rejalashtirish va kadrlar tayyorlash bilan shug‘ullanadi.
So‘nggi o‘n yilda sohaga $12 mlrd investitsiya yo‘naltirilib, 4 mingdan ortiq zamonaviy korxona ishga tushirilgan. Agar ilgari ichki bozorda mahalliy mahsulotlar ulushi 35−40% ni tashkil etgan bo‘lsa, bugungi kunda 20 ta asosiy turdagi qurilish materiallariga bo‘lgan talab to‘liq ichki ishlab chiqarish hisobidan qoplanmoqda. Turar joy va sanoat obyektlari qurilishidagi mahalliylashtirish darajasi esa 98% ga yetgan.
Natijada ishlab chiqarish hajmi 7 trln so‘mdan 53 trln so‘mga oshgan, eksport hajmi esa 2025-yil yakunida $1,2 mlrdni tashkil etgan.
Aholini uy-joy bilan ta’minlash dasturiga ko‘ra, 2040-yilgacha qurilish hajmini ikki barobarga — yiliga 280 mingta uyga yetkazish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, har yili 25 mln kvadrat metrga yaqin tijorat ko‘chmas mulki foydalanishga topshirilmoqda. Bu esa qurilish materiallariga yiliga qariyb 10 mlrd dollarlik barqaror talabni shakllantirmoqda.
Toshkent xalqaro investitsiya forumida xorijiy investorlarga umumiy qiymati $27 mlrdlik infratuzilma loyihalari taqdim etilgan. Ular orasida Jizzax viloyatidagi atom elektr stansiyasi, Toshkent viloyatidagi to‘rtinchi mis boyitish fabrikasi, yangi aeroport, 55 ming o‘rinli stadion hamda Toshkent — Samarqand avtomobil yo‘li loyihalari bor.
Mazkur loyihalarni amalga oshirish uchun yuqori sifat va sertifikatlash talablariga javob beradigan mahsulotlar zarurligi sababli, tegishli vazirlik va idoralarga buyurtmachilar hamda mahalliy ishlab chiqaruvchilar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlik mexanizmini joriy etish topshirildi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ