Moody’s O‘zbekistonning suveren kredit reytingini “Ba2” darajasiga oshirdi
Agentlik iqtisodiy diversifikatsiya va budjet intizomini ijobiy baholadi, YAIM o‘sishi esa yaqin ikki yilda 6,1−6,3% atrofida bo‘lishi kutilmoqda
Moody’s Ratings O‘zbekistonning uzoq muddatli suveren kredit reytingini “Ba3”dan “Ba2”ga oshirdi hamda mamlakat bo‘yicha prognozni “barqaror” darajasida belgiladi. Bu haqda reyting agentligi hisobotida ma’lum qilindi.
Agentlik reytingning yaxshilanishiga iqtisodiyotning diversifikatsiyalanishi va davlat moliyasini boshqarish samaradorligi oshgani sabab bo‘lganini qayd etdi.
Hisobotga ko‘ra, O‘zbekiston iqtisodiyoti 2025-yilda 7,7% ga, 2026-yilning birinchi choragida esa 8,7% ga o‘sgan. So‘nggi uch yil davomida iqtisodiy o‘sishning o‘rtacha sur’ati 6,5% ni tashkil etgan.
Shuningdek, budjet taqchilligi 2023-yildagi 4% dan yuqori darajadan 2025-yilda 2% gacha qisqargan. Bunga energiya subsidiyalari tizimini isloh qilish va davlat xarajatlarini optimallashtirish hisobiga erishilgan.
Xususan, tabiiy gaz subsidiyalari hajmi YAIMga nisbatan 1,4% dan 0,3% gacha kamaygan. Hukumat 2027−2028-yillarga borib energiya resurslari xarajatlarini tariflar hisobidan to‘liq qoplashni rejalashtirmoqda.
Moody’s mutaxassislari 2026-yil may oyida amalga oshirilgan Milliy investitsiya jamg‘armasining London va Toshkent fond birjalaridagi ikki tomonlama listingini ham alohida qayd etdi. Natijada $691 mln mablag‘ jalb qilingan. Agentlik bu jarayonni davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini qisqartirish va korporativ boshqaruvni yaxshilashga qaratilgan siyosatning amaliy natijasi sifatida baholagan.
Reyting bilan birga mamlakat tavakkalchiligi bo‘yicha baholar ham qayta ko‘rib chiqildi. Milliy valyutadagi majburiyatlar reytingi “Ba1”dan “Baa3”ga, xorijiy valyutadagi majburiyatlar reytingi esa “Ba3”dan “Ba2”ga oshirildi.
Agentlikning ta’kidlashicha, “barqaror” prognoz mamlakat iqtisodiyoti bo‘yicha xavf va imkoniyatlar muvozanatlashganini anglatadi. Shu bilan birga, 2026−2027-yillarda iqtisodiy o‘sish sur’atlari 6,1−6,3% gacha sekinlashishi kutilmoqda. Biroq bu ko‘rsatkichlar xalqaro taqqoslashda yuqori darajada qolishi qayd etilgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ