O‘zbekistonda 2026-yildan yagona davlat imtihonini joriy etish taklif qilinmoqda
Maktab yakuniy imtihonlari natijalari oliygohlarga kirishda inobatga olinib, O‘zbekiston tarixi majburiy fanlar ro‘yxatidan chiqarilishi mumkin
2026-yildan boshlab respublikada yagona davlat imtihoni joriy etilib, uning natijalari attestat olish hamda oliy ta’lim muassasalariga kirishda hisobga olinishi kutilmoqda. Bu haqdagi qaror loyihasi dastlabki jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.
O’tgan yilning sentabr oyida Prezident Mirziyoyevning Bo‘stonliq tumanidagi o‘qituvchi va murabbiylar bilan muloqotida yagona davlat imtihonlari orqali 400 mingga yaqin 9-sinf bitiruvchilari texnikumlarga qamrab olinishi ma’lum qilingandi.
Taklif etilayotga o‘zgarishlarga ko‘ra, yagona davlat imtihoni joriy etilib, u 9 va 11-sinflarni qamrab oladi. Islohot majburiy fanlar tarkibini o‘zgartiradi hamda maktab natijalarini tan olish orqali oliygohlarga kirishni soddalashtiradi.
Bu shuni anglatadiki, bitiruvchilarning yakuniy imtihonlarda to‘plagan ballari universitet va kollejga qabul qilish uchun asos bo‘ladi. Natijada abituriyentlar test sinovlarini ikki marotaba topshirish zaruratidan ozod etiladi.
11-sinf bitiruvchilari uchun imtihonlar tarkibi majburiy blok — ona tili va matematika, shuningdek, tanlangan bakalavriat yo‘nalishiga mos ikkita ixtiyoriy fandan iborat bo‘ladi. Muhim o‘zgarishlardan biri — O‘zbekiston tarixining majburiy fanlar ro‘yxatidan chiqarilganidir.
Xuddi shunday model 9-sinf o‘quvchilari uchun ham joriy etiladi. Ularning natijalari litsey va professional ta’lim muassasalariga qabulda hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ladi.
Imtihon ishtirokchilarini ro‘yxatga olish har yili yanvar–mart oylarida o‘tkaziladi, imtihonlar esa may–iyul oylariga rejalashtirilgan. Tizim 2026/2027 o‘quv yilidan boshlab Navoiy, Farg‘ona, Toshkent viloyatlari hamda Qoraqalpog‘istonda joriy etilib, keyingi yildan butun respublika bo‘ylab tatbiq etiladi.
Shuningdek, amaldagi milliy yoki xalqaro sertifikatlarga ega abituriyentlar tegishli fan bo‘yicha imtihon topshirmasdan maksimal ball olish imkoniga ega bo‘ladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ