O‘zbekistonda xususiylashtirishdan tushum 6 yilda 77,6 trln so‘mga yetdi

“E-auksion” orqali bugungacha qariyb 1,5 mln obyekt savdoga chiqarilib, shundan 1,2 mln dan ortig‘i realizatsiya qilingan

O‘zbekistonda xususiylashtirishdan tushum 6 yilda 77,6 trln so‘mga yetdi

O‘zbekistonda davlat aktivlarini xususiylashtirish ko‘lami so‘nggi yillarda keskin oshdi. 2020—2025-yillarda xususiylashtirishdan tushgan mablag‘lar 77,6 trln so‘mni tashkil etgan. Bu haqda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi xabar berdi.

Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, 2020-yilgacha bo‘lgan 10 yil davomida xususiylashtirishdan atigi 1,1 trln so‘m mablag‘ tushgan. Shu tariqa keyingi olti yildagi ko‘rsatkich avvalgi o‘n yillikdagi natijadan qariyb 55 baravar yuqori bo‘lgan.

Xususiylashtirish jarayonida yirik davlat aktivlariga ham xususiy va xorijiy kapital jalb qilindi. Jumladan, Coca-Cola Uzbekistan 252 mln dollar, Ipoteka bank $324 mln, Samarqand avtomobil zavodidagi davlat ulushining 75,2%i esa $80 mlnga sotilgan.

Shuningdek, 2021—2025-yillarda “sot yoki tushuntir” tamoyili asosida davlat ishtirokidagi korxonalar soni 61% ga qisqartirilgan.

Yer bozorida ham faollik oshgan. 2022—2025-yillarda mulk huquqi va ijara huquqi asosida auksionlarga chiqarilgan hamda sotilgan yer uchastkalari hajmi qariyb 4 baravarga oshgan. 2026-yilning birinchi yarmida 1,8 ming gektar yer uchastkasi realizatsiya qilingan.

Davlat aktivlarini sotishda raqamli mexanizmlardan foydalanish ham kengaymoqda. “E-auksion” orqali bugungacha qariyb 1,5 mln obyekt savdoga chiqarilib, shundan 1,2 mln dan ortig‘i realizatsiya qilingan.

Ma’lum qilinishicha, 2030-yilgacha nodavlat sektorning iqtisodiyotdagi ulushini 85% ga yetkazish va davlat ishtirokidagi korxonalar sonini qariyb 6 baravarga qisqartirish rejalashtirilgan.

21-iyul kuni prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligidagi majlisda davlat aktivlarini sotib olishni tadbirkorlar uchun yengillashtirish choralari ma’lum qilingandi. Unga ko‘ra, davlat aktivlari uchun avans to‘lovini 30% dan 15% gacha kamaytirish, qolgan summani esa foizsiz bo‘lib to‘lash imkonini berish rejalashtirilgan.

Auksionda 22 trln so‘mlik 3 mingta davlat obyekti turgani, yangi xususiylashtirish dasturi doirasida 100 trln so‘mlik ko‘chmas mulk, yer maydonlari va korxonalardagi davlat ulushlarini savdoga chiqarish ko‘zda tutilgani ma’lum qilingan.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

TXMMda istalgan valyutada bitimlar o‘tkazish va kriptovalyutadan foydalanishga ruxsat beriladi
/
TXMMda istalgan valyutada bitimlar o‘tkazish va kriptovalyutadan foydalanishga ruxsat beriladi
Farg‘onada $170 mlnlik elektrobus ishlab chiqarish loyihasiga start berildi
/
Farg‘onada $170 mlnlik elektrobus ishlab chiqarish loyihasiga start berildi
Ozarbayjonning eng yirik davlat banki ABB O‘zbekistondagi Davr Bank sotib olish jarayonlarini yakunladi
/
Ozarbayjonning eng yirik davlat banki ABB O‘zbekistondagi Davr Bank sotib olish jarayonlarini yakunladi