O‘zbekistonda 100 trln so‘mlik davlat aktivlari xususiylashtiriladi

Shuningdek, boshlang‘ich to‘lov 30% dan 15% ga tushiriladi, qolgan mablag‘ni foizsiz bo‘lib to‘lash mumkin bo‘ladi

O‘zbekistonda 100 trln so‘mlik davlat aktivlari xususiylashtiriladi

O‘zbekistonda yangi xususiylashtirish dasturi tayyorlanmoqda. Unga ko‘ra, umumiy qiymati 100 trln so‘m (taxminan 8,34 mlrd dollar) bo‘lgan 1300 ta ko‘chmas mulk obyekti, 8 ming gektar yer maydoni hamda 66 ta korxonadagi davlat ulushlari savdoga qo‘yiladi. Bu haqda 21-iyul kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda prezident Shavkat Mirziyoyev ma’lum qildi.

Davlat rahbari hokimlarni davlat mulkini sotish bo‘yicha tizimli ish olib bormayotgani uchun tanqid qildi. Ayni paytda auksionlarga umumiy qiymati 22 trln so‘m bo‘lgan 3 mingta davlat obyekti qo‘yilgan.

Davlat aktivlarini xarid qilayotgan tadbirkorlar uchun boshlang‘ich to‘lovni 30% dan 15% gacha kamaytirish rejalashtirilmoqda. Qolgan mablag‘ni esa foizsiz bo‘lib-bo‘lib to‘lashga ruxsat beriladi.

Yig‘ilishda banklar balansidagi aktivlar ham ko‘rib chiqildi. Hozirgi vaqtda umumiy qiymati 9,3 trln so‘m bo‘lgan 2411 ta obyekt hali sotilmagan.

Prezident banklar balansidagi har bir obyektning nima asosda saqlanayotganini tahlil qilishni topshirdi. Shuningdek, xaridori mavjud bo‘lsa-da, sotuvi sun’iy ravishda kechiktirilayotgan aktivlar bo‘yicha qonunchilik talablariga qat’iy rioya etilishini ta’minlash vazifasi qo‘yildi.

Yig‘ilishda soliq tushumlari ham muhokama qilindi. Yil boshidan buyon ular 27% ga o‘sib, 130 trln so‘mdan oshgan. Biroq qo‘shimcha tushumlar bo‘yicha yillik rejaning atigi 40% i bajarilib, 12 trln so‘m yig‘ilgan.

Shavkat Mirziyoyev viloyat hokimlarining birinchi o‘rinbosarlarini soliq tushumlarini oshirish bo‘yicha korxonalar bilan yetarlicha ishlamaganini tanqid qildi.

Misol sifatida Buxoro viloyati keltirildi. U yerda aylanmasi 100 mln so‘mdan ortiq bo‘lgan 162 ta korxona uch yil ketma-ket zarar bilan faoliyat yuritib, foyda solig‘ini to‘lamagan.

Bundan tashqari, 1500 ta korxona QQS to‘lamagan, faqat uni hisobga o‘tkazish bilan cheklangan. Shu munosabat bilan Buxoro viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari lavozimidan ozod etildi.

1-iyuldan boshlab 498 ta yirik soliq to‘lovchidan soliq undirish vakolati hududlarga o‘tkazildi. Viloyatlar hokimlarining birinchi o‘rinbosarlari va hududiy soliq organlari rahbarlariga ushbu korxonalar bilan bevosita ishlash hamda soliqlarni to‘liq yig‘ilishini ta’minlash topshirildi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

TBC Uzbekistan ketma-ket ikkinchi yil CNBC va Statista tomonidan dunyoning eng yaxshi fintex kompaniyalari qatorida e’tirof etildi
/
TBC Uzbekistan ketma-ket ikkinchi yil CNBC va Statista tomonidan dunyoning eng yaxshi fintex kompaniyalari qatorida e’tirof etildi
Prezident banklar va mahallalar faoliyatini uch oylik sinovdan o‘tkazishni topshirdi
/
Prezident banklar va mahallalar faoliyatini uch oylik sinovdan o‘tkazishni topshirdi
O‘zbekistonda iqtisodiyotning o‘sish sur’atini 9–10% ga yetkazish rejalashtirilmoqda
/
O‘zbekistonda iqtisodiyotning o‘sish sur’atini 9–10% ga yetkazish rejalashtirilmoqda