Xorijiy IT-kompaniyalar O‘zbekistonga 65,7 mlrd so‘m soliq to‘ladi
Yilning birinchi choragida elektron xizmat ko‘rsatuvchi xorijiy kompaniyalar soni 89 taga yetib, xizmatlar hajmi qariyb 80% ga oshdi
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
2026-yilning birinchi choragida O‘zbekistonda elektron xizmatlar ko‘rsatuvchi 89 ta xorijiy kompaniya 65,7 mlrd so‘m soliq to‘ladi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 81% ga ko‘p, deya xabar qildi Soliq qo‘mitasi.
Qo‘mita ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilning birinchi choragida 68 ta xorijiy kompaniya tomonidan 36,2 mlrd so‘m soliq to‘langan edi. Shu tariqa, bir yil ichida elektron xizmat ko‘rsatuvchi xorijiy kompaniyalar soni 21 taga oshib, 89 taga yetgan.
2026-yil yanvar-mart oylarida mazkur kompaniyalar O‘zbekistonda jami 552 mlrd so‘mlik elektron xizmat ko‘rsatgan. O‘tgan yilning shu davrida bu ko‘rsatkich 306,6 mlrd so‘mni tashkil etgan. Shu tariqa, xizmatlar hajmi qariyb 80% ga oshgan.
2026-yilning birinchi choragida eng ko‘p soliq to‘lagan xorijiy kompaniyalar quyidagilar bo‘ldi:
- Apple — 16,1 mlrd so‘m;
- Google — 14,9 mlrd so‘m;
- Meta — 13,9 mlrd so‘m;
- Valve Corp. — 8 mlrd so‘m;
- OpenAI — 2,5 mlrd so‘m;
- Anthropic — 1,5 mlrd so‘m;
- Midasbuy — 1,3 mlrd so‘m;
- TikTok — 868,3 mln so‘m;
- Booking.com — 694,7 mln so‘m;
- Netflix — 570,4 mln so‘m.
O’tgan yil yakunlari bo’yicha orijiy IT-kompaniyalar 181,3 mlrd so‘m soliq to‘lagan edi va yetakchilikni Apple va Meta kompaniyalari egallagan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ