O‘zbekistadagi xorijiy investitsiya kiritilgan kompaniyalar soni 19,5 mingga yaqinlashdi
Ularning 5,6 mingtasi Xitoy investitsiyalariga to‘g‘ri keladi, bu o‘tgan yilning mayiga nisbatan esa 1,7 mingtaga ko‘p
Milliy statistika qo‘mitasi hisobotiga ko‘ra, 1-may holatiga O‘zbekistonda xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi kompaniyalar soni 19 490 tani tashkil etdi.
Yil boshidan buyon to‘rt oy ichida ularning soni 1,3 mingtaga yoki 7,3% ga oshgan. Yillik hisobda esa o‘sish qariyb 3,5 mingta kompaniyani (+21,7%) tashkil qilgan.
Korxonalarning asosiy qismi to‘liq xorijiy ta’sischilarga tegishli bo‘lib, hozirda bunday kompaniyalar soni 15 mingtga yetgan (+26%). Shu bilan birga, qo‘shma korxonalar soni ham bosqichma-bosqich oshib, may oyi boshiga kelib 4,4 mingtaga yetdi.
Xitoy boshqa davlatlardan ustunligini kengaytirishda davom etmoqda. Hozir mamlakatda xitoylik investorlar ishtirokidagi 5,6 mingta kompaniya faoliyat yuritmoqda. Bu yil boshiga nisbatan 571 taga, o‘tgan yilning mayiga nisbatan esa 1,7 mingtaga (+44,7%) ko‘p.
Taqqoslash uchun, Rossiya investitsiyalari ishtirokidagi kompaniyalar soni bir yil davomida atigi 8,4% ga o‘sib, 3,3 mingtaga yetgan. Biroq Rossiya qo‘shma korxonalar soni bo‘yicha yetakchilikni saqlab qolmoqda — 909 ta, Xitoyda esa bu ko‘rsatkich 788 tani tashkil etadi.
Kuchli uchlikni Turkiya yakunlamoqda — mamlakat investitsiyalari ishtirokidagi kompaniyalar soni 2,2 mingtaga yetgan. Bu yanvar oyidagi ko‘rsatkichdan 79 taga, o‘tgan yilga nisbatan esa 252 taga (+12,8%) ko‘p. Qozog‘iston ham shunga yaqin sur’atni namoyish etdi — yillik o‘sish 13% ni tashkil qilib, kompaniyalar soni 1,2 mingtaga yetdi.
Janubiy Koreya kapitali ishtirokidagi kompaniyalar soni 721 tani tashkil etdi. Bu o‘tgan yilning mayiga nisbatan 8,4% ga, yil boshiga nisbatan esa 4% ga ko‘p. Oltinchi o‘rinni 656 ta kompaniya bilan Afg‘oniston egalladi (-3%), yettinchi pog‘onada esa 452 ta kompaniya (+62,6%) bilan Ozarbayjon joylashdi.
Shuningdek, kuchli o‘nlikdan 437 ta kompaniya (+27,4%) bilan Tojikiston, 427 ta kompaniya (+21,3%) bilan BAA hamda 405 ta kompaniya (+26,5%) bilan Hindiston o‘rin oldi. Avval o‘ninchi o‘rinda bo‘lgan AQSh esa 356 ta kompaniya bilan 12-o‘ringa tushib ketdi. Bu ko‘rsatkich Qirg‘izistondan to‘rtta kam.
Xorijiy investorlar qiziqayotgan sohalar orasida savdo yetakchilikni saqlab qolmoqda — bu yo‘nalishda qariyb 7 mingta kompaniya faoliyat yuritmoqda. Yana 3,86 mingta firma sanoat sohasida, 1,6 mingtasi qurilishda va 1,5 mingtasi IT yo‘nalishida ishlamoqda.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ