Xitoy kompaniyalari O‘zbekistonda LED lampalari va akkumulyator ishlab chiqaradi
Xususan, Buxoroda qiymati $10 mlnlik 4 yulduzli mehmonxon ochilishi ham rejalashtirilmoqda
Xitoylik investorlar Buxoro viloyatida bir nechta loyihalarni amalga oshirishga kelishib oldi, deb xabar bermoqda viloyat hokimligi matbuot xizmati.
Buxoro viloyati hokimi o‘rinbosari Rizo Asadov boshchiligidagi delegatsiya 16−22 mart kunlari Shenchjen, Szunshan va Shenyan shaharlarida bo‘ldi. Delegatsiya yirik biznes vakillari, shuningdek, rasmiy shaxslar bilan investitsiyalarni jalb qilish mavzusida muzokaralar o‘tkazdi.
Shenyan shahar vitse-meri Lyu Kebin bilan bo‘lgan uchrashuvda ta’lim, sayyohlik va tibbiyot sohalaridagi hamkorlik imkoniyatlari muhokama etildi.
Lyaonin provinsiyasi rahbari o‘rinbosari Shan I bilan suhbatning asosiy mavzusi foydali qazilmalarni qazib olish va qo‘shma sanoat hududlarini barpo etish masalalari bo‘ldi. Buxoro viloyati va Lyaonin o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Tashrif doirasida Xitoyning 60 ta yetakchi kompaniyasi ishtirokida “Shenchjen — Buxoro” biznes forumi bo‘lib o‘tdi. Unda “Shenzhen Water Technology” va “Enermall” akkumulyator ishlab chiqaruvchi kompaniyalar bilan shartnomalar imzolandi.
Lyaonin provinsiyasida 40 ta yirik kompaniya ishtirokida yana bir forum bo‘lib o‘tdi. Xususan, unda “Qitong Tea” kompaniyasi bilan viloyatda choy plantatsiyalarini tashkil etish va $10 mlnlik choy ishlab chiqarish bo‘yicha memorandum imzolandi.
“Highclass Solar Light” firmasi LED diodlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvga erishdi, shuningdek Buxoroda qiymati $10 mlnlik 4 yulduzli mehmonxona qurishni rejalashtirmoqda.
Bundan tashqari, “Guangdong Chant Group” esa viloyat markazida 5 ming xonadondan iborat turar-joy majmuasi uchun kogeneratsiya tizimini yaratishni mo‘ljallamoqda.
“Taili Group” kompaniyasi bilan O‘zbekistonda kadrlar tayyorlash akademiyasini ochish va marketing platformasini yaratish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
“Yoye Wisdom” Yevropaga eksport qilish uchun to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, “Lesso” kompaniyasi esa qurilish sohasida hamkorlik qilish niyatini bildirdi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ