O‘zbekistonga 2026-yilda Xitoydan yana 50 dan ortiq agrodron olib kelinadi
Shuningdek, agrar sohada dronlar uchun belgilangan uchish og‘irligi hozirgi 100 kilodan 250 kilogacha oshiriladi
O‘zbekistonga 2026-yilda Xitoydan yana 50 dan ortiq zamonaviy agrodron olib kelinadi, deb yozmoqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov.
Har bir viloyatda kamida 2 tadan dron mobil kompleksi orqali agroxizmatlar ko‘rsatish yo‘lga qo‘yiladi. Bundan tashqari, agrar sohada dronlar uchun belgilangan uchish og‘irligi hozirgi 100 kilodan 250 kilogacha oshiriladi.
Qayd etilishicha, Qishloq xo‘jaligi vazirligida dron xizmatlarini ko‘rsatuvchi alohida markaz ishga tushirilgani bu sohada mutaxassis tayyorlash va dronlarga servis xizmatini ko‘rsatish imkonini bergan. 2025-yilning o‘zida 100 dan ortiq dron yordamida yer maydonlari va ekinlar monitoringi, ilg‘or agrotexnik tadbirlar amalga oshirilgan.
O‘z faoliyatiga raqamli texnologiya va sun’iy intellektni olib kirib, kam xarajat bilan yuqori hosildorlikka erishayotgan fermer va klasterlarimiz soni ham ko‘payib borayotgani meni xursand qiladi, — dedi davlat rahbari.
Avvalroq Qishloq xo‘jaligi tashkilotlariga robototexnika, dron va boshqa qurilmalar yordamida xizmatlar ko‘rsatilishi belgilangandi. Dron xizmatlaridan foydalanish uchun Agroportal orqali ariza berish, shartnomalarni tuzish va to‘lovlarni amalga oshirish imkoniyati yaratiladi.
Agroportal orqali uchish balandligi 30 metrgacha bo‘lgan dronlar yordamida ko‘rsatiladigan xizmatlar vakolatli idoralar bilan kelishilgan hududlarda ularning yillik ruxsatnomalari asosida taqdim etiladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ