Chorvoqdagi Sea Breeze loyihasi ekologik ekspertizaning birinchi bosqichidan o‘tdi
Loyihani davom ettirish uchun qo‘shimcha tadqiqotlar va suv-oqava infratuzilmasini yaratish talab etilmoqda
Фото: Sea Breeze
Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida Sea Breeze Uzbekistan nomli to‘rt faslga mo‘ljallangan turistik majmua qurish loyihasi atrof-muhitga ta’sirni baholashning dastlabki bosqichidan ijobiy xulosa oldi. Tegishli hujjat Hujjat.uz portalida e’lon qilindi.
Mazkur xulosa qurilish ishlarining yakuniy tasdig‘i emas, balki faqat boshlang‘ich baholash bosqichiga tegishli. Hujjat 2026-yil 10-fevraldan 2029-yil 10-fevralgacha amal qiladi. Mutaxassislar loyiha parametrlari hozircha dastlabki ekanini ta’kidlab, hudud yuqori ekologik sezgirlikka ega bo‘lgani sababli rejalashtirishni yanada batafsil ishlab chiqish zarurligini qayd etdi.
Loyiha tashabbuskorlaridan qo‘shimcha muhandislik-geologik, gidrologik va botanika tadqiqotlari o‘tkazish talab etilmoqda. Shuningdek, havoning, suvning va tuproqning ifloslanish darajasi, transport yuklamasi hamda ehtimoliy avariya holatlari bo‘yicha aniq hisob-kitoblar taqdim etilishi lozim.
Asosiy xatarlar sifatida suv omborining ifloslanishi, eroziyaning kuchayishi, ekotizimga ortiqcha yuklama va muhandislik kommunikatsiyalarining yetishmasligi ko‘rsatildi. Ekspertiza Charvak suv omborini strategik obyekt sifatida baholagan. Loyihaga ko‘ra, plyaj hududi qariyb 20 gektarni egallaydi, bunda 100–300 metr kenglikdagi qurilishga ruxsat berilmaydigan himoya zonasi saqlab qolinadi.
Sharqiy qirg‘oqdagi asosiy muammolardan biri markazlashgan kanalizatsiya tizimining yo‘qligi ekani qayd etildi. Hozirda qo‘llanilayotgan chiqindi chuqurlari yer osti suvlarining ifloslanish xavfini oshirmoqda. Shu bois zamonaviy kanalizatsiya tarmoqlarini qurish loyiha uchun majburiy shart sifatida belgilangan. Rejalarga ko‘ra, Charvakdan suv olish va oqava suvlarni Chirchiq shahridagi tozalash inshootlariga uzatish ko‘zda tutilgan, biroq mavjud hujjatlarda suv iste’moli bo‘yicha aniq hisob-kitoblar yetarli emas.
Havoning ifloslanishini baholashda ham kamchiliklar aniqlangan. Qurilish davridagi chiqindilar yiliga 90 tonnadan ortiq deb baholangan bo‘lsa-da, transport vositalaridan chiqadigan gazlar hisobga olinmagan. Holbuki, loyiha doirasida kuniga 10 minggacha tashrif buyuruvchi va 7 ming nafar xodim faoliyati rejalashtirilgan. Ushbu ko‘rsatkichlarni qayta ko‘rib chiqish topshirildi.
Bahor mavsumida hudud florasi bo‘yicha dala tadqiqotlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Qizil kitobga kiritilgan hayvonlar yashash hududlari Chatqol qo‘riqxonasi hududida joylashgan bo‘lib, qurilish zonasiga kirmaydi, biroq ularning migratsiya yo‘llarini saqlab qolish talab etiladi. Yong‘oq va zarafshon archasi kabi qimmatli daraxt turlari esa saqlanishi yoki boshqa joyga ko‘chirilishi lozim.

Bundan tashqari, loyiha doirasida muntazam ekologik monitoring joriy etilishi, jumladan suv sifati va tog‘ yonbag‘irlari holatini har oy nazorat qilish majburiy etib belgilangan. Tabiatni muhofaza qilish talablari bajarilmagan taqdirda, loyiha amalga oshirilishi yoki undan foydalanish taqiqlanishi mumkin.
Loyiha haqida
Turistik majmua Charvak suv omborining sharqiy qirg‘og‘ida, Yakkatut va Boladala qishloqlari oralig‘ida joylashgan 577 gektar hududni egallaydi. U 7 kilometr uzunlikdagi sohil chizig‘i va Pskem tizmasi yonbag‘irlarini o‘z ichiga oladi. Hudud murakkab relyefga ega bo‘lib, ayniqsa Kalash soy vodiysida ko‘chki xavfi yuqori.
Qurilish ishlari 10 yilga mo‘ljallangan. Dastlabki bosqichda 100 gektar hududda mehmonxonalar, villalar, tadbirlar uchun maydonlar, 2 ming o‘rinli amfiteatrga ega sport obyektlari hamda tibbiyot klasteri barpo etilishi rejalashtirilgan. So‘nggi obyekt uchun chiqindilarni utilizatsiya qilish va oqava suvlarni nazorat qilish bo‘yicha qat’iy talablar qo‘yilgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ