O‘zbekiston $53 mlrd xorijiy investitsiya jalb etishni rejalashtirmoqda
Loyihalarni tanlash uchun sun’iy intellekt asosidagi yagona raqamli tizim joriy etiladi
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
O‘zbekiston 2026-yilda $53 mlrd miqdorida xorijiy investitsiyalarni jalb etishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, joriy yilda loyihalarni baholash va xorijiy hamkorlarni izlash uchun yagona raqamli tizim ishlab chiqiladi. Ushbu platforma sun’iy intellekt asosida ishlaydi.
Davlat rahbari har bir investitsiya qo‘shilgan qiymat yaratishi, eksport salohiyatini oshirishi va yuqori maoshli ish o‘rinlari tashkil etishi lozimligini ta’kidladi. Endilikda rahbarlar faoliyatini baholashda asosiy mezon jalb etilgan investitsiyalar sifati bo‘ladi.
Ayni paytda ishga tushirilgan loyihalarni monitoring qilish uchun soliq, bojxona, kadastr, bandlik va kommunal xizmatlar ma’lumotlari bilan integratsiyalashgan maxsus baza faoliyat yuritmoqda. Tizim biznes faoliyatini 39 ta ko‘rsatkich asosida baholaydi.
Tahlillarga ko‘ra, so‘nggi uch yilda ishga tushirilgan 688 ta korxonadan 210 tasi to‘liq quvvatda ishlamayapti. Natijada 33 trln so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilmagan va 23 mingta ish o‘rni bo‘sh qolmoqda.
Mazkur holat hududlardagi investitsiya masalalari uchun mas’ul rahbarlar faoliyatining yetarli darajada samarali emasligini ko‘rsatmoqda. Shu munosabat bilan 210 ta muammoli obyekt bo‘yicha aniq muddatlar ko‘rsatilgan “yo‘l xaritalari” ishlab chiqish topshirildi. Mutasaddilar ushbu korxonalarni joyiga borib o‘rganishi, amaliy yordam ko‘rsatishi va natijalarni elektron tizimda qayd etishi lozim. Birinchi yarim yillik yakuniga qadar natija ko‘rsatmagan mansabdorlar lavozimidan ozod etilishi mumkin.
Yangi sun’iy intellekt tizimi mavjud quvvatlar hamda ichki va tashqi bozor talabini tahlil qilib, investitsiya loyihalarini joylashtirish bo‘yicha optimal yechimlarni taklif qiladi. Investorlar va konsalting kompaniyalari tizimdan “yagona darcha” tamoyili asosida foydalanish imkoniga ega bo‘ladi.
Shuningdek, bank tizimida ham kichik va o‘rta biznes loyihalarining rentabelligini baholash uchun sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish rejalashtirilgan.
Joriy yilda tijorat banklari tomonidan biznesni qo‘llab-quvvatlash uchun 140 trln so‘m ajratilishi ko‘zda tutilgan. Mablag‘larni taqsimlash jarayonini avtomatlashtirish natijasida hududlarda investitsiya samaradorligini oshirish, 36 mingta yangi ish o‘rni yaratish va 60 ming nafar fuqaroning daromadlarini legallashtirish rejalashtirilgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ