Prezident: O‘zbekiston Milliy investitsiya jamg‘armasi may oyida IPO’ga chiqadi
Yil boshidan buyon yalpi ichki mahsuloti 8,7% ga o‘sdi
O‘zbekistonda birinchi chorak yakunlariga ko‘ra, yalpi ichki mahsulot o‘sishi tezlashib, 8,7% ni tashkil etdi. Bu haqda 24-aprel kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda prezident Shavkat Mirziyoyev ma’lum qildi.
Shuningdek, sanoat 8% ga, xizmatlar 16,1% ga, qishloq xo‘jaligi 5,1% ga o‘sdi. Eksport $5,8 mlrdni, xorijiy investitsiya hajmi esa $13,7 mlrdni tashkil qildi. Inflyatsiya yillik hisobda birinchi marta 7,1% gacha pasaydi.
Bularning hisobiga yanvar-mart oylarida budjet daromadlari o‘tgan yilga nisbatan 35% ga ko‘payib, 103 trln so‘mga yetdi. Mahalliy budjetlarda qo‘shimcha 2,2 trln so‘m mablag‘ shakllandi.
Muhimi, shundan 1,4 trln so‘m tuman va shaharlar ixtiyorida qoldi.
Kelasi oy 2,4 mlrdlik davlat aktivlarining 30% ini ilk bor xalqaro fond bozorlariga chiqaramiz. Bu Milliy investitsiya jamg‘armasini tashkil qilib, 13 ta strategik korxona boshqaruvini nufuzli “Franklin Templeton” kompaniyasiga berganimiz uchun bo‘lyapti. Bir narsani bilinglar: iqtisodiyotimizni xalqaro miqyosda yangi darajaga olib chiqish uchun chuqur o‘ylab, yakuniy qarorga kelganmiz,– dedi davlat rahbari.
Kapital.uz avvalroq 2026-yil yakuniga qadar Milliy investitsiya fondining 30% gacha aksiyalari IPOga chiqarilishi haqida xabar bergan edi. Shuningdek, kompaniyalar va banklar kuzatuv kengashlarida mustaqil a’zolar ulushi 50% gacha yetkaziladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ