Xorijiy investorlar kengashi O‘zbekiston iqtisodiyotini rivojlantirish bo‘yicha 120 ta tashabbusni ilgari surdi
Takliflar “yashil” kreditlash, islom moliyasi, valyuta nazoratini soddalashtirish va ESG tamoyillarini joriy etishni qamrab oladi
Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida bo‘lib o‘tgan Xorijiy investorlar kengashi yig‘ilishida O‘zbekistonning biznes muhitini yaxshilash va iqtisodiy islohotlarni jadallashtirishga qaratilgan 120 ta yangi tashabbus taqdim etildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, so‘nggi bir yil ichida kengash tarkibidagi xorijiy kompaniyalar soni 54 tadan 85 taga, qamrab olingan iqtisodiyot yo‘nalishlari esa 23 tagacha oshgan. Kengash endilikda faqat maslahat beruvchi tuzilma emas, balki islohotlarni birgalikda ishlab chiqish platformasiga aylangan.
O‘tgan yilgi yig‘ilish yakunlari bo‘yicha ilgari surilgan 21 ta tashabbus amaliyotga joriy etilgan. Jumladan, asosiy vositalarning tezlashtirilgan amortizatsiyasi bo‘yicha Soliq kodeksiga o‘zgartirishlar kiritilgan hamda xalqaro moliyaviy hisobot standartlariga o‘tgan kompaniyalar uchun ayrim talablar bekor qilingan.
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasi muqobil investitsiya fondlari to‘g‘risidagi qonun loyihasini tayyorlagan. Bundan tashqari, 16 ta texnik reglamentni xalqaro standartlarga uyg‘unlashtirish hamda mas’uliyatli biznes yuritish tamoyillarini joriy etish bo‘yicha dasturlar ishlab chiqilgan.
O‘zbekiston Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining (OECD) deklaratsiyasiga qo‘shilgan bo‘lib, yaqin vaqt ichida Toshkent xalqaro moliya markazini tashkil etish to‘g‘risidagi konstitutsiyaviy qonun qabul qilinishi kutilmoqda.
Yil davomida tegishli ishchi guruhlar soliq ma’murchiligi, yer ajratish, energetika, garov qonunchiligi va kadrlar tayyorlash masalalari bo‘yicha 50 dan ortiq uchrashuv o‘tkazgan.
Forumga kelib, ishtirokchilar tomonidan ishlab chiqilgan 120 ta taklif yetti ustuvor yo‘nalishga ajratildi. Ular biznes muhitini yaxshilash, soliq va kadastr tizimi, bank sektori, energetika, korporativ boshqaruv hamda sun’iy intellektni rivojlantirishni qamrab oladi.
Yig‘ilishda valyuta operatsiyalari monitoringini soddalashtirish, islom moliyasini rivojlantirish, “yashil” kreditlash mexanizmlarini kengaytirish va ESG tamoyillarini joriy etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Mazkur yo‘nalishlarning har biri bo‘yicha mas’ul shaxslar belgilanib, mavjud to‘siqlarni bartaraf etish va aniq yechimlarni ishlab chiqish vazifasi yuklatilishi ta’kidlandi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ