Hukumat Wildberriesning O‘zbekistonda logistika majmuasi qurishiga rozilik berdi
Toshkent viloyatida 67,3 gektar maydonda 7,5 mingta yangi ish o‘rni yaratiladigan logistika xabi quriladi
O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Wildberries kompaniyasi yirik infratuzilma loyihasini amalga oshirish bo‘yicha investitsiya shartnomasini imzoladi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati Kapital.uz’ga ma’lum qildi.
Loyiha doirasida Toshkent viloyatida zamonaviy ko‘p tarmoqli logistika majmuasi quriladi.
Yangi logistika xabi Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi “Bog‘zor” MFY hududida joylashgan 67,3 gektar yer maydonida quriladi. Hozirda loyiha ishlari boshlangan bo‘lib, qurilishni joriy yil oktabr oyi oxirida boshlash rejalashtirilgan.
Kelishuvga ko‘ra, Wildberries obyektni o‘z vaqtida foydalanishga topshirish hamda inson kapitalini rivojlantirish bo‘yicha majburiyatlarni olgan. Loyiha doirasida qariyb 7,5 mingta yangi ish o‘rni yaratiladi. Shuningdek, kamida 2 ming kishi maxsus ta’lim dasturlari doirasida kasbiy tayyorgarlikdan o‘tkaziladi.
Loyihaning asosiy yo‘nalishlaridan yana biri O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni xalqaro bozorlarga tizimli ravishda olib chiqish va mahalliy mahsulotlar eksporti hajmini oshirishdan iborat.
Wildberries yangi logistika majmuasining qurilishi savdo-iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash, hududdagi ombor infratuzilmasini kengaytirish hamda O‘zbekiston ishlab chiqaruvchilarining eksport salohiyatini oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Avvalroq Wildberries logistika xabini yaratish uchun $300 mlndan ortiq investitsiya kiritishi haqida xabar berilgandi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ